Jamiyat
Xorijdagi nufuzli oliygohlarda o‘qigan yoshlarga ipoteka ajratiladi
O‘zbekistonda xorijiy nufuzli oliy ta’lim muassasalarida ilmiy daraja olgan yosh mutaxassislar uchun ipoteka krediti ajratish tartibi joriy etildi. Bu bo‘yicha Vazirlar Mahkamasining 159-sonli qarori bilan tegishli nizom tasdiqlandi.
Qarorga ko‘ra, kreditlar O‘zbekiston hududida birlamchi uy-joy bozoridan uy sotib olish uchun ajratiladi. Uning maksimal miqdori bazaviy hisoblash miqdorining 2 150 baravarigacha bo‘lib, 10 yil muddatga beriladi.
Ipoteka krediti tijorat banklari mablag‘lari hisobidan yillik 14 foiz stavkada taqdim etiladi. Shu bilan birga, kredit har oylik to‘lovlar asosida qaytarilishi belgilangan.
Nizomga muvofiq, kredit faqat belgilangan talablarga javob beruvchi fuqarolarga ajratiladi. Xususan, ariza beruvchi O‘zbekiston fuqarosi bo‘lishi va murojaat paytida 35 yoshdan oshmagan bo‘lishi shart.
Shuningdek, u xalqaro reytinglarda yuqori 100 talikka kiritilgan xorijiy oliy ta’lim muassasalarida ilmiy daraja olgan bo‘lishi kerak.
Bundan tashqari, diplom belgilangan tartibda nostrifikatsiya qilingan bo‘lishi talab etiladi. Kredit olish uchun murojaatlar Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali elektron shaklda qabul qilinadi.
Arizaga uy-joy bo‘yicha qurilish tashkiloti bilan tuzilgan shartnoma ham ilova qilinishi shart.
Tijorat banki 3 ish kuni ichida ariza beruvchining to‘lovga layoqatini baholab, xulosani Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligiga taqdim etadi. Shu bilan birga, ajratiladigan kredit miqdori uy-joy qiymatining 80 foizidan oshmasligi belgilangan.