Jamiyat

Xorijdagi ish o‘rinlari bandlik agentliklari o‘rtasida ochiq tanlov asosida taqsimlanadi

Published

on


Migratsiya agentligi xorijiy ish beruvchilardan jalb qilingan bo‘sh ish o‘rinlarini litsenziyaga ega xususiy bandlik agentliklari o‘rtasida Xorijdaish.uz platformasi orqali ochiq tanlov asosida taqsimlash bo‘yicha tartib loyihasini ishlab chiqdi. Loyihada elektron oferta e’lon qilish, ariza qabul qilish, ishchi komissiya xulosasi va kvotalarni avtomatik taqsimlash mexanizmlari belgilangan.

Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Migratsiya agentligi xorijiy ish beruvchilar va (yoki) rekruting agentliklaridan jalb qilingan bo‘sh ish o‘rinlarini litsenziyaga ega xususiy bandlik agentliklari (XBA) o‘rtasida taqsimlash tartibini belgilaydigan hujjat loyihasini tayyorladi.

Loyihaga ko‘ra, Agentlik xorijdan jalb qilingan ish o‘rinlarini elektron oferta shaklida Xorijdaish.uz platformasida e’lon qiladi va XBAning shaxsiy kabinetlariga avtomatik xabarnoma yuboradi. Ofertada ish beruvchi haqidagi ma’lumotlar, kasb nomi va kvota soni, ish haqi va ish sharoiti, nomzodlarga qo‘yiladigan talablar, ariza topshirish muddati hamda hamkorlik shartnomasining asosiy shartlari aks ettirilishi nazarda tutilgan.

Qayd etilishicha, XBA kvota taqsimotida ishtirok etish uchun rozilik arizasini faqat elektron shaklda, shaxsiy kabinet orqali yuboradi va ariza ERI bilan tasdiqlanadi. Arizalarni ko‘rib chiqish Agentlik huzurida tashkil etiladigan doimiy faoliyat yurituvchi Ishchi komissiya tomonidan amalga oshiriladi. Komissiya ariza va hujjatlarni 3 ish kuni ichida tahlil qiladi hamda ishtirokiga ruxsat berish, qo‘shimcha ma’lumot so‘rash yoki rad etish to‘g‘risida xulosa beradi. Qarorlar elektron protokol shaklida rasmiylashtirilib, ERI bilan tasdiqlanishi ko‘zda tutilgan.

Loyihada kvotalarni taqsimlash mexanizmi ham belgilangan. Unga ko‘ra, ishtirokiga ruxsat berilgan barcha XBAga kvotalar avvalo teng asosda taqsimlanadi. Agar teng taqsimotdan keyin qoldiq kvotalar qolsa, ular shartnoma majburiyatlarini o‘z vaqtida va sifatli bajargan XBAga ustuvorlik bergan holda taqsimlanadi. Ayrim istisno holatlarda (tizim ishga tushishining dastlabki jarayonlarida) kvotalar talabgorlar sonidan kam bo‘lsa, arizalar platformaga kelib tushgan vaqtga qarab taqsimlanishi ham nazarda tutilgan.

Shuningdek, kvota ajratilgandan so‘ng Agentlik va XBA o‘rtasida 5 ish kuni ichida elektron shartnoma tuzilishi belgilangan. Agar XBA belgilangan muddatda shartnomani ERI bilan tasdiqlamasa, u kvotadan voz kechgan hisoblanadi va bu keyingi taqsimotlarda XBA reytingiga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin.

Loyihada kvotalar bajarilishi ustidan nazorat to‘liq elektron tarzda yo‘lga qo‘yilishi, bajarilish holati Xorijdaish.uz’da real vaqt rejimida aks etishi ko‘rsatilgan. Majburiyatlarni bajarmagan XBAga nisbatan ogohlantirish, keyinchalik esa 3 oydan 6 oygacha navbatdagi kvota taqsimotlarida ishtirokini cheklash kabi choralar qo‘llanishi mumkin.



Source link

Leave a Reply

Your email address will not be published. Required fields are marked *

Trending

Exit mobile version