Jamiyat

Xorazmda tadbirkor undan ish so‘rab kelgan talaba qizga shilqimlik qildi

Published

on


Talaba qiz o‘qishdan bo‘sh vaqtida ishlab pul topish maqsadida Olx platformasida qoldirilgan e’lon bo‘yicha tadbirkorga murojaat qilgan. Tadbirkor avvaliga uni ishga olgan. Oradan bir necha kun o‘tib esa massaj qilib qo‘yishni so‘ragan holda qizni kvartiraga taklif etgan.

Xorazmda talaba qizga shilqimlik qilgan tadbirkor ma’muriy jazoga tortildi. Kun.uz sud hujjati bilan tanishdi.

Sud qarorida keltirilishicha, 1993 yilda tug‘ilgan F.U. hududdagi MChJlardan biriga rahbarlik qilib kelgan. 2025 yil 13 dekabr kuni viloyatdagi universitetlardan birining talabasi bo‘lgan G.K. unga ish so‘rab murojaat qilgan. Tadbirkor qizni suhbatga chaqirgan.

Suhbatdan so‘ng F.U. talabaga shu kundan ish boshlayverishini aytgan. Uning gapiga ishongan G.K. MChJda ish boshlagan. Oradan 2-3 kun o‘tib, tadbirkor qizni kechki ovqatga taklif etgan. So‘ngra unga charchaganini aytib, kvartiraga borishni va massaj qilib qo‘yishni so‘ragan. Talaba qiz tadbirkorning taklifini rad etib, ketib qolgan.

Shundan keyin F.U. kechki payt Telegram orqali qizga shahvoniy xabarlar yuborgan. G.K. holat yuzasidan IIBga ariza bilan murojaat qilgan.

Huquqbuzar tadbirkor sudda aybiga iqrorlik bildirgan va qilmishidan pushaymonligini aytib, yengillik so‘ragan.

G.K. esa o‘qishdan bo‘sh vaqtida qo‘shimcha daromad topish uchun ishlamoqchi bo‘lganini bildirgan.

“Talabalar turar joyida yashayman. Olx platformasidan ish qidirdim. “Q.” MChJ qizlarni ishga taklif qilganini bilib, ko‘rsatilgan telefon raqamiga qo‘ng‘iroq qildim. O‘zini F. deb tanishtirgan shaxs bilan gaplashdim. Keyin MChJ binosiga borib, F. bilan uchrashdim va o‘sha kuni ish boshladim. Oradan bir hafta o‘tganidan keyin F. “sen menga yoqib qolding, men bilan kvartiraga bor”, deb aytdi. Men unga halol ishlab pul topmoqchi ekanimni bildirib, bunday gaplarni aytmaslikni so‘radim. Lekin F. Telegram orqali har xil shahvoniy mazmundagi xabarlar hamda uyatsiz stikerlar yuborib, shilqimlik qildi”, degan u sudda.

JIB Urganch tuman sudi qarori bilan F.U. Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 41−1-moddasi 1-qismida nazarda tutilgan (shahvoniy shilqimlik) huquqbuzarlikni sodir etgan deb topildi. Unga 5 sutka ma’muriy qamoq jazosi tayinlandi.

Avvalroq Toshkentda ijarachi ayolga shilqimlik qilgan uy egasi 5 sutkaga qamalgandi.



Source link

Leave a Reply

Your email address will not be published. Required fields are marked *

Trending

Exit mobile version