Iqtisodiyot

Xorazmda “O‘zbekiston–Pokiston sanoat zonasi” tashkil etiladi

Published

on


Karachi shahrida o‘tkazilgan O‘zbekiston–Pokiston biznes-forumi doirasida Xorazm viloyatida “O‘zbekiston–Pokiston sanoat zonasi”ni tashkil etish, shuningdek ikki mamlakat o‘rtasida savdo-iqtisodiy hamkorlikni yanada kengaytirishga qaratilgan qator kelishuv va memorandumlar imzolandi.

Mamlakatning Islomoboddagi elchixonasi tomonidan Karachi shahrida O‘zbekiston–Pokiston biznes-forumi tashkil etildi. Tadbirda ikki davlat ishbilarmon doiralari, savdo-sanoat tuzilmalari va rasmiylar ishtirok etdi.

Biznes-forumni O‘zbekiston elchisi Alisher To‘xtayev ochib, prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar, soliq va bojxona tizimini liberallashtirish, mamlakatning ilmiy-intellektual, xomashyo va iqtisodiy salohiyati, shuningdek energetika, neft-kimyo, AKT, qishloq xo‘jaligi, qurilish materiallari, bank-moliya va turizm sohalaridagi hamkorlik imkoniyatlari haqida ma’lumot berdi.

Elchi nutqida har ikki mamlakat rahbarlari o‘rtasidagi do‘stona munosabatlar va ularning siyosiy irodasi tufayli O‘zbekiston–Pokiston munosabatlari strategik sheriklik darajasiga ko‘tarilgani ta’kidlandi. Oliy darajada qabul qilingan kelishuvlarni amalga oshirish uchun hukumatlarga aniq topshiriqlar berilgani, tadbirkorlar uchun esa erkin faoliyat yuritishga qaratilgan qulay shart-sharoitlar yaratilgani qayd etildi.

Tadbir qatnashchilariga O‘zbekistonda biznesni yo‘lga qo‘yish, xorijiy investorlar uchun yaratilgan imtiyoz va kafolatlar, to‘qimachilik, farmatsevtika, turizm, qurilish sohalaridagi infratuzilma loyihalari bo‘yicha taqdimot o‘tkazildi. Pokistonlik tadbirkorlarni qiziqtirgan savollarga batafsil javob berildi.

Mamlakatning Sind va Panjob viloyatlaridagi faxriy konsullari Hamid Mahmud va Najib Vohra O‘zbekistondagi faoliyatlari, qo‘shma loyihalar borasida to‘plangan tajribalari bilan o‘rtoqlashdi. So‘zga chiqqanlar mahsulotlar va tadbirkorlarning ikki davlat bozorlariga o‘zaro kirib borishini kengaytirish, elektron tijorat platformalari orqali savdo qilish mexanizmlarini yo‘lga qo‘yish muhimligini ta’kidladi.

Iqtisodiy tadbir doirasida Karachi Savdo-sanoat palatasi bilan hamkorlikda 2026 yil fevral oyida Karachidagi yirik savdo va sanoat kompaniyalari delegatsiyasining O‘zbekistonga biznes-missiyasini tashkil etish va uning doirasida yana bir biznes-forum o‘tkazish yuzasidan kelishuvga erishildi.

Shuningdek, Korangi sanoat va savdo uyushmasi bilan hamkorlikda Xorazm viloyatida “O‘zbekiston–Pokiston sanoat zonasi”ni barpo etish bo‘yicha kelishuvlar imzolandi.

Biznes-forum dasturi doirasida ikki mamlakat ishbilarmon doiralari o‘rtasida B2B formatda uchrashuvlar o‘tkazilib, ular natijasida o‘zaro hamkorlikni yo‘lga qo‘yish va kengaytirishga doir yigirmadan ortiq memorandumlar imzolandi.



Source link

Leave a Reply

Your email address will not be published. Required fields are marked *

Trending

Exit mobile version