Jamiyat
Xorazmda haykalni o‘pgan ayol jarimaga tortildi
Surxondaryoda yashovchi ayol Xivaga sayohatga borgan. U Ichanqal’adagi haykallardan birini o‘pib, tasvirga olgan hamda ijtimoiy tarmoqdagi o‘z sahifasiga joylashtirgan.
JIB Xiva shahar sudi Ichanqal’adagi haykallardan birini o‘pgan ayolga ma’muriy jazo qo‘lladi. Kun.uz sud hujjati bilan tanishdi.
Sud qaroriga ko‘ra, Surxondaryo viloyatining Oltinsoy tumanida yashovchi 25 yoshli M.G. sayohat qilish uchun Xiva shahriga borgan. U 21 fevral kuni Ichanqal’adagi Xorazm milliy musiqa san’ati namoyandalariga bag‘ishlangan haykalni o‘pib, tasvirga olgan. So‘ngra uni ijtimoiy tarmoqdagi o‘z sahifasiga joylashtirgan.
M.G. sudda aybiga iqrorlik bildirgan. U qilmishidan pushaymonligini, homilador ekanini aytib, suddan yengillik so‘ragan.
Sud qarori bilan M.G. Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 64-1-moddasi 1-qismida nazarda tutilgan moddiy madaniy meros obektlariga nisbatan hurmatsizlik bilan munosabatda bo‘lish huquqbuzarligini sodir etgan deb topildi. Unga BHMning 5 baravari (2 mln 60 ming so‘m) miqdorida jarima jazosi tayinlandi.