Iqtisodiyot
Xorazmda aviayoqilg‘i ishlab chiqaruvchi zavod quriladi. Loyiha qiymati 5,9 mlrd dollar
Tuproqqal’a tumanida 5,9 milliard dollarlik investitsiya loyihasi doirasida, biomassadan aviatsiya yoqilg‘isi ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yiladi. Investor – Allied Green Ammoniya (Avstraliya). Zavod uchun xomashyo – qishloq xo‘jaligi chiqindilari bo‘ladi. Korxona yiliga 400 ming tonna ekologik toza aviatsiya yoqilg‘isini ishlab chiqarishi aytilmoqda.
Foto: Xorazm viloyati hokimligi
Xiva shahrida o‘tkazilgan xalqaro investitsiya forumi doirasida Xorazm viloyati hokimi Jo‘rabek Rahimov Avstraliyaning Allied Green Ammoniya kompaniyasi boshqaruvi raisi Alfred Benedikt bilan uchrashdi. Bu haqda viloyat hokimligi matbuot xizmati xabar bermoqda.
Tomonlar Tuproqqal’a tumanida 5,9 mlrd dollarlik investitsiya kiritish evaziga “Ekologik toza aviatsiya yoqilg‘isini ishlab chiqarish” loyihasini amalga oshirish bo‘yicha muzokara o‘tkazib, tegishli kelishuvlarni imzoladi.
Mazkur loyiha amalga oshirilishi natijasida yiliga 400 ming tonna ekologik toza aviatsiya yoqilg‘isi ishlab chiqariladi, deyiladi xabarda.
Foto: Xorazm viloyati hokimligi
Bu loyiha bo‘yicha dastlabki anglashuv memorandumi 2025 yil aprel oyida, Birlashgan Arab Amirliklaridagi investitsiya forumi doirasida, Allied Green Ammonia va O‘zbekiston Respublikasi Xorijiy investitsiyalarni jalb etish agentligi o‘rtasida imzolangan.
Unda tomonlar qiymati 5,5 mlrd dollarlik yashil karbamid va aviatsiya yoqilg‘isi (SAF) loyihasini o‘rganishga kelishib olgandi.
O‘sha kelishuvga ko‘ra, loyihada yiliga taxminan 800 ming tonna yashil karbamid, 350 ming tonna barqaror aviatsiya yoqilg‘isi (SAF) va 35 ming tonna yashil dizel ishlab chiqarish quvvati ko‘zda tutilgan edi. Yangi tafsilotlarga ko‘ra esa, 400 ming tonna aviatsiya yoqilg‘isini ishlab chiqarish rejalashtirilmoqda.
Taklif etilayotgan loyiha uchun 4 gigavattgacha qayta tiklanadigan energiya manbalari va kuniga 6 ming tonna qishloq xo‘jaligi chiqindilariga asoslangan biomassadan foydalaniladi. Umumiy loyiha maydoni 7 ming gektarni tashkil etadi.
Ma’lumot uchun, Allied Green Ammoniya (AGA) — Avstraliyada joylashgan toza energiya kompaniyasi bo‘lib, dunyodagi eng yirik yashil ammoniy va vodorod ishlab chiqarish inshootlaridan birini yaratish ustida ishlamoqda. Kompaniya barqaror energiya infratuzilmasini rivojlantirish orqali, “net zero” (nol karbon chiqindisi)ga erishishni o‘z missiyasi deb e’lon qilgan.