Jamiyat
Xizmat burchini bajarayotib vafot etgan xodimning oilasi o‘z holiga tashlab qo‘yilgan(mi?)
2021 yil 14 sentabr. Toshkent viloyati Piskent tumanida xizmat o‘tayotgan YPX inspektori Dilmurod O‘rmonov katta tezlikdagi avtomobilga to‘xtash ishorasini ko‘rsatib uning yo‘liga chiqadi. Ammo mast haydovchi bor tezligida xodimni urib ketadi va 29 yoshli inspektor vafot etadi. Haydovchi Jinoyat kodeksining 266-moddasi va 117-moddasi bilan sudlanadi. Toshkentdagi fojiada vafot etgan inspektorga ko‘rsatilgan e’tibor marhum Dilmurod O‘rmonovning yaqinlarida ham umid uchqunlarini yoqqan bo‘lsa ajab emas.
25 fevral kuni Toshkent shahrining Mirobod tumanida voyaga yetmagan shaxs boshqaruvidagi avtomashina yo‘l-patrul xizmati inspektori Hosilbek Eshnazarovni urib yubordi va inspektor olgan og‘ir tan jarohatlari oqibatida vafot etdi. Marhumga katta e’tibor qaratildi. U “Jasorat” medali bilan taqdirlandi, oilasiga 3 xonali uy berildi. Janoza marosimlari ham davlat darajasidagi e’tibor bilan o‘tkazildi. Biroq bundan bir necha yil avval – 2021 yilda Toshkent viloyatida ham deyarli shunga o‘xshash fojia sodir bo‘lgan edi.
Shohruh Abdurasulov 2021 yil 11 sentabr kuni o‘ziga tegishli davlat raqami belgisi 10Z 701UA bo‘lgan “Lacetti” rusumli avtomashinasini Toshkent viloyati Piskent tumani, “Taraqqiyot” MFY hududidan o‘tgan “4K792 Piskent-Bo‘ston” avtomobil yo‘lida mast holda boshqarib kelib, yo‘l harakati qoidalarini qo‘pol ravishda buzib, avtomobil yo‘lining 10-kilometrida yo‘lning qatnov qismiga chiqib, uni to‘xtatmoqchi bo‘lgan Toshkent viloyati IIBB ikkinchi mintaqaviy hudud Piskent tumani IIB Yo‘l harakati xavfsizligi bo‘linmasi inspektori serjant Dilmurod O‘rmanovni urib yuborgan va o‘limiga sababchi bo‘lgan.
Marhum vafot etganda u olti oylik homilador edi. Otasining vafotidan 3 oy o‘tib qiz farzand tug‘ildi. Jajji Oyshaxon xozir 4 yoshda. Kun.uz uning yaqinlari bilan suhbatlashdi.
“Hech bandaning boshiga bu kunni solmasin”
Marhumning onasi Manzura O‘rmonova: “Kechqurun shumxabar keldi, hamma yoq larzaga keldi. Hech bandaning boshiga bu kunni solmasin. Dushmanimgayam ravo ko‘rmayman. O‘g‘limning do‘stlari shifoxonaga olib borgan. Shunchalik ham nohaqlik bo‘ladimi?
Bitta akasi – Tursunboy degani prokuraturada, Ayubxon degan akasi ichki ishlarda ishlar ekan. Lekin hech qanaqa na moddiy, na ma’naviy yordam… Mayli, kerak emasdi. Aybni bolamga ag‘darishdi, advokatlarning ko‘zi qayerni ko‘rdi? Axir ish yuzasidan bo‘ldi-ku! Mayli, mening bolam mashina yo‘liga chiqdi deylik. Kecha kungi voqealar-chi? Undan oldingi voqealar-chi?
U avval ham ko‘rsatadiganini ko‘rsatgan ekan, ikki akasidan foydalanib, nima hoxlasa qilib yurgan ekan.
Olti oylik homilasi qornida, kutib yurishgandi. Kelinimni qizim deb qabul qilgandim, hozirgachayam yuziga qarashga chidolmayman. Nima ko‘rdi 23-24 yoshida bolam bechora?”.
“Oxiri bitta bolaning boshini yeb ketdi”
Marhumning akasi Sherzod O‘rmonov ham o‘sha kunni eslar ekan, halokatga sababchi bo‘lgan haydovchi avval ham mast holatda rulga o‘tirgani haqida gapiradi.
“Ukamning ahvoli ancha og‘ir edi. Piskentda Murodali degan yo‘lda bo‘lgan. U bola ichgan ekan. Moddiy-ma’naviy zarar undirishga, mana, o‘tib ketdi, lekin oilamizda boquvchi shu ukam rahmatli edi. Ayam-dadam pensiya oladi, men ko‘chaning ishida. Bu gapni gapirishimga sabab – o‘sha yerdagi xodimlar “to‘xtatamiz mashinani, shu bola ichgan bo‘ladi. Bizga u yoq-bu yoqdan telefon bo‘ladi. Bitta akasi prokuraturada, bitta akasi ichki ishlarda ishlaydi. “Kattalar” chiqadi, biz uni qo‘yib yubormasdan ilojimiz yo‘q. Chunki o‘sha telefon qilganlarga ishimiz tushadi bizning, olib borsak, kamchilik topib bizni qiynaydi. Shuning uchun majbur bo‘ldik. Mana, oxiri bitta bolaning boshini yeb ketdi”, deyishdi”.
Ma’lum qilinishicha, inspektorning o‘limida ayblangan shaxsga Jinoyat kodeksining 266-moddasi 2-qismi va 117-moddasi 1-qismi bilan 5 yillik ozodlikdan mahrum qilish jazosi va 3 yilga avtomobil boshqarish huquqidan mahrum qilish jazosi tayinlangan, 1 yil-u 2 oy o‘tgach ozodlikka chiqqan. Boquvchisiz qolgan oila taqdiri esa haligacha hal etilmagan masala bo‘lib qolmoqda.
“Yuqori turuvchi” tashkilotlar
“Haligacha yugur-yugur, qizcha bog‘chaga chiqadi. Kelinimizning mazasi yo‘q ekan, xabarlashganimda ulgursam boraman degandi. Shularga bir sharoitini qilib berishimiz kerak. O‘zimning uchta farzandim bor, mana, sharoitimizni o‘zingiz ko‘rdingiz. Qo‘limdan kelgancha harakat qilib, uy-joy qilib berishimiz kerak. Mening jigarim, bir qorindan talashib tushgan ukamning davomchisi. Shuning uchun yugurib yuribmiz. Piskentga boraman-kelaman. “Bo‘ldi” deydi, bir dunyo xatlar turibdi, tagini o‘qib ko‘rsangiz: “bizdan norozi bo‘lsangiz yuqori turuvchi tashkilotlarga murojaat qiling” deyilgan. Yana qanaqa yuqori turuvchi tashkilotlar bo‘lishi mumkin? Chet davlatdami u “yuqori turuvchi” tashkilotlar? Tushunib bo‘lmaydi.
Bermadi emas, yolg‘on bo‘lmasin – 5 million so‘mni 5 yil davomida bo‘lib-bo‘lib berishdi. Bergani shu bo‘ldi”.
Marhumning akasiga ko‘ra, fojiadan keyin ukasiga prezident farmoni bilan “Jasorat” medali berilgan.
Marhumning yaqinlari ko‘rgan moddiy va ma’naviy zararlarini talab qilib sudga murojaat qilishgan. Fuqarolik ishlari bo‘yicha Bekobod tumanlararo sudining 2023 yil 9 yanvardagi hal qiluv qarori bilan marhum Dilmurod O‘rmonovning otasi, onasi, akasi va turmush o‘rtog‘iga jami 100 mln so‘m ma’naviy va 4 mln 348 ming so‘m moddiy zarar undirish belgilangan. Apellyatsiya instansiyasida bu qaror o‘zgartirilib, da’vogarlarning har biriga (marhumning otasi, onasi va akasiga) alohida 50 mln so‘mdan, turmush o‘rtog‘iga 100 mln so‘m aybdordan undirish belgilangan.
Ammo Oliy sudda bu qaror ham o‘zgartirilgan: ajrim bilan marhumning akasi Sh.O‘rmonovga 50 mln so‘m ma’naviy zarar undirish haqidagi qismi bekor qilingan.
Sud qarori bilan to‘lanishi kerak bo‘lgan ushbu mablag‘lar undirilganmi yoki yo‘qligi haqida Kun.uz ma’lumotga ega emas (marhumning yaqinlari olmaganini aytishmoqda). Tahririyat murojaatning mazmunidan kelib chiqib masalaning u tomonlarini o‘rganishni lozim topmadi.
Bir tizimdagi ikki fojia
E’tiborli jihati shundaki, har ikki holatda ham yo‘l-patrul xizmati inspektorlari xizmat vazifasini bajarayotgan vaqtida halok bo‘lgan. Bir holatda marhumning oilasi va farzandlari ta’minoti masalasi e’tiborga olinib, uy-joy bilan ta’minlandi va davlat mukofoti berildi. Boshqa holatda esa boquvchisiz qolgan oila aytishicha, yillar davomida turli idoralarga murojaat qilib kelayotganiga qaramay, masala haligacha ochiq qolmoqda.
Shu o‘rinda savol tug‘iladi: xizmat vazifasini bajarayotgan vaqtida halok bo‘lgan huquq-tartibot idoralari xodimlari oilalarini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha yagona mexanizm yoki standart mavjudmi?
Bu yerda gap ikki insonni solishtirish haqida emas. Gap bir tizimda xizmat qilgan ikki inspektor taqdiri haqida. Savol esa oddiy: agar mezonlar bor bo‘lsa, ular barchaga bir xil ishlayaptimi? Bu savollar faqat bir oilaning muammosi emas. Ular butun tizim uchun muhim savollardir. Vakolatli idoralar bu holatga izoh beradimi, boquvchisiz qolgan oila taqdiriga yechim topiladimi – hozircha savol ochiq qolmoqda.