Mahalliy
Xivada Xitoy universiteti filiali ochilishi mumkin
Hukumat qarori loyihasiga ko‘ra, Xorazm viloyatining Xiva shahrida Xitoyning Lyaoning pedagogika universiteti filialini tashkil etish rejalashtirilmoqda.
Loyiha Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi, Lyaoning pedagogika universiteti hamda Urganch davlat universiteti hamkorligida amalga oshiriladi.
Hujjatga muvofiq, filialda bakalavriat va magistratura bosqichlarida, keyinchalik esa doktorantura yo‘nalishlarida ham kadrlar tayyorlash yo‘lga qo‘yiladi. Ta’lim jarayoni Xitoy universitetining o‘quv dasturlari asosida, O‘zbekiston ta’lim standartlari hisobga olingan holda tashkil etiladi.
Filialda pedagogika, psixologiya, tillar va ta’lim texnologiyalari yo‘nalishlari bo‘yicha mutaxassislar tayyorlash, qo‘shma ilmiy tadqiqotlar olib borish, talabalar va professor-o‘qituvchilar almashinuvini tashkil etish rejalashtirilgan.
Qaror loyihasiga ko‘ra, ta’lim kunduzgi va masofaviy shakllarda, xitoy, o‘zbek hamda ingliz tillarida olib boriladi. O‘qish to‘lov-kontrakt asosida tashkil etiladi.
Filial faoliyati litsenziya olingandan keyin 2026/2027 o‘quv yilidan boshlanishi ko‘zda tutilgan. Bitiruvchilarga O‘zbekistonda tan olinadigan diplom beriladi.
Loyihada yana bir muhim norma nazarda tutilgan. Unga ko‘ra, filial har yili to‘lov-kontrakt tushumlarining kamida 5 foizini moliyaviy qiyinchilikka uchragan va iqtidorli talabalar uchun stipendiyalarga yo‘naltiradi.
Mazkur hujjat ayni paytda muhokama uchun joylashtirilgan bo‘lib, qabul qilinsa, O‘zbekistondagi xorijiy oliy ta’lim muassasalari filiallari soni yana bittaga ko‘payadi.