Iqtisodiyot
Xitoyga bog‘liqlik ortib boryapti, gaz import qilish osha boshladi – O‘zbekiston tashqi savdosi sharhi
2025 yilning 10 oyida O‘zbekistonning tashqi savdo aylanmasi 66,5 mlrd dollarni tashkil qildi. Bunda Xitoyning ulushi – 19,7 foizga yetdi. Xususan, ushbu mamlakatga eksport 4,9 foizga yoki 1,63 mlrd dollargacha qisqargan bo‘lsa, import hajmi 34,7 foizga yoki 11,5 mlrd dollargacha ko‘paygan. Shuningdek, BAA bilan umumiy savdo 1 mlrd dollardan oshdi. Bu o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 2 barobar yuqori ko‘rsatkich.
2025 yil yanvar-oktabr oylarida O‘zbekistonning tashqi savdo aylanmasi 66,5 mlrd dollarni tashkil etdi. Bu 2024 yilning mos davriga nisbatan 11,7 mlrd dollarga yoki 21,5 foizga ko‘p.
Bunda eksport hajmi 29 mlrd dollar (+27,8 foiz), import hajmi esa 37,5 mlrd dollar (+16,9 foiz) bo‘lgan. Tashqi savdo salbiy saldosi esa 8,5 mlrd dollar.
Hisobot davrida tashqi savdo aylanmasining salmoqli qismi Xitoy (19,7 foiz), Rossiya (15,9) Qozog‘iston (5,9 foiz), Turkiya (3,7 foiz) va Janubiy Koreya (2,2 foiz) bilan qayd etilgan.
Dastlabki 10 oylikda o‘tgan yilning mos davri bilan taqqoslaganda, yirik hamkor davlatlardan Janubiy Koreya (-13,3 foiz),Turkmaniston (-7,7 foiz), Yaponiya (-2,8 foiz) va Turkiya (-1,2 foiz) bilan savdo aylanmasi miqdori qisqargan. Qolgan 16 ta davlat bilan umumiy savdo hajmi sezilarli darajada ko‘paygan. Xususan, BAA (+98,8 foiz), Niderlandiya (+55,5 foiz), Afg‘oniston (+48,5 foiz) va Hindiston (+38 foiz) kabi davlatlar bilan umumiy savdo hajmida katta o‘sish qayd etilgan.
Eksport
Hisobot davrida 9,9 mlrd dollarlik (+49,4 foiz) oltin sotilgan. Bu umumiy eksportning 34,1 foizini tashkil etadi. Shuningdek, eksport tarkibida sanoat tovarlari (10,9 foiz), oziq-ovqat mahsulotlari va tirik hayvonlar (8,2 foiz), kimyoviy vositalar (6 foiz), turli xil tayyor buyumlar (4,9 foiz) va mineral yoqilg‘ilar (4,3 foiz) ham sezilarli ulushga ega bo‘lgan.
Tashqi savdo aylanmasida tovarlar va xizmatlar eksporti bo‘yicha asosiy hamkorlar Rossiya (12,6 foiz), XXR (5,6 foiz), Qozog‘iston (4,1 foiz), Afg‘oniston (4,1 foiz), Turkiya (3,2 foiz), Fransiya (2,7 foiz), BAA (2,1 foiz), Qirg‘iz Respublikasi (1,7 foiz), Tojikiston (1,6 foiz) va Pokiston (1,1 foiz) kabi davlatlar bo‘lgan. Ularning umumiy eksportdagi ulushi 38,8 foizni tashkil etadi.
Yanvar-oktabr oylarida 568 mln dollarlik gaz sotilgan bo‘lib, bu o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 5,1 foizga ko‘p. Bundan tashqari, 541 mln dollarlik neft va neft mahsulotlari (+7,7 foiz), 129 mln dollarlik elektr toki (+58,7 foiz) eksporti ham amalga oshirilgan.
Hisobot davrida qariyb 245 mln dollarlik avtomobil va uning ehtiyot qismlari sotilgan. Bu 2024 yilga nisbatan 23,5 foizga kam.
Import
Import tarkibida eng katta ulush mashinalar va transport asbob-uskunalari (34 foiz), sanoat tovarlari (15,8 foiz) hamda kimyoviy vositalar va shunga o‘xshash mahsulotlar (12,3 foiz) hisobiga to‘g‘ri kelgan. Umumiy importning 2/3 qismi 7 ta davlatdan amalga oshirilgan:
Xitoy – 30,6 foiz;
Rossiya – 18,5 foiz;
Qozog‘iston – 7,3 foiz;
Turkiya – 4 foiz;
Janubiy Koreya – 3,7 foiz;
Germaniya – 2,5 foiz;
Hindiston – 2,5 foiz.
Hisobot davrida 1 mlrd 122 mln dollarlik gaz sotib olingan, bu o‘tgan yilgi ko‘rsatkichning 84 foizini tashkil etadi. Shuningdek, 1 mlrd 281 mln dollarlik benzin import qilingan.