Jamiyat
Xitoy tomoni Toshkentda drenaj tizimini yaxshilashga ko‘maklashadi
Xitoyning Sian shahrida bo‘lib o‘tgan III O‘zbekiston–Xitoy hududlararo forumi doirasida Toshkent shahri uchun umumiy qiymati 3,5 milliard dollardan ortiq investitsiya va eksport kelishuvlariga erishildi.
Toshkent shahar hokimligi ma’lumotiga ko‘ra, yirik loyihalar orasida drenaj kollektorlari, irrigatsiya va yomg‘ir suvlarini chetlashtirish tizimini rivojlantirishga qaratilgan 400 million dollarlik tashabbus ham bor.
Shuningdek, forum yakunida BRT, yo‘l o‘tkazgichlari va yo‘l infratuzilmasini rivojlantirish uchun 1 mlrd dollar, transport va ijtimoiy infratuzilma loyihalari uchun 1 mlrd dollar, renovatsiya hududlarida zamonaviy turar joy majmualari qurish uchun 500 mln dollar hamda «24/7» formatdagi zamonaviy ko‘chalar barpo etish uchun 100 mln dollarlik kelishuvlar imzolandi.
Bundan tashqari, «Yangi Avlod» maxsus sanoat zonasida yuqori texnologiyali ishlab chiqarishlarni rivojlantirish bo‘yicha 130 million dollarlik investitsiya bitimlari tuzildi.
Ma’lum qilinishicha, loyihalar EPC+F modeli asosida, davlat budjeti mablag‘lari va davlat kafolatlarini jalb qilmagan holda amalga oshirilishi rejalashtirilmoqda.
Hokimlikka ko‘ra, mazkur tashabbuslar Toshkent infratuzilmasini modernizatsiya qilish, yangi ish o‘rinlari yaratish va shahar muhitini yanada qulay hamda xavfsiz qilishga xizmat qiladi.