Iqtisodiyot
Xitoy Buxoroda 75 mln dollarlik “yashil” energiya loyihasini amalga oshiradi
O‘zbekistonda “yashil” energiya ishlab chiqarish va energiya saqlash tizimlarini rivojlantirishga qaratilgan yirik investitsiya loyihalari muhokama qilindi. Xitoyning yetakchi kompaniyalaridan biri Buxoro viloyatida 75 million dollarlik loyihani amalga oshirishga qiziqish bildirdi.
O‘zbekiston Bosh konsulxonasida Xitoyning Soltenia Technology Introduction (STI) kompaniyasi prezidenti o‘rinbosari Xao Jui bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Muloqot chog‘ida mamlakatda quyosh issiqlik energiyasi va zamonaviy energiya saqlash texnologiyalarini joriy etish istiqbollari muhokama qilindi. Qayd etilishicha, STI kompaniyasi ushbu yo‘nalishda dunyodagi yetakchi tuzilmalardan biri hisoblanadi.
Xitoy tomoni Buxoro viloyatida sanoat parki uchun integratsiyalashgan issiqlik va fotoelektrik “yashil” energiya tizimini barpo etishga qiziqish bildirib, mazkur loyihaning umumiy qiymati 75 million AQSh dollarini tashkil etishi ma’lum qilindi.
Shuningdek, kompaniya O‘zbekistondagi sanoat korxonalari va obektlarini quyosh energiyasi bilan ta’minlashga qaratilgan, qiymati 50 million dollarlik yana bir loyihani ham ko‘rib chiqishga tayyorligini bildirdi.
Ushbu tashabbuslar mamlakatimizda “yashil” iqtisodiyotga o‘tish strategiyasini qo‘llab-quvvatlash, energiya samaradorligini oshirish va hududlarning energetik mustaqilligini ta’minlashda muhim ahamiyat kasb etadi.