Mahalliy

Xalqaro ilmiy anjumandan muhim xulosalar

Published

on


Toshkentdagi Islom sivilizatsiyasi markazida Amir Temur tavalludining 690 yilligiga bag‘ishlangan xalqaro ilmiy konferensiya doirasida 13 ta sho‘’ba yig‘ilishlari bo‘lib o‘tdi. Unda Temuriylar davri merosi davlatchilikdan tortib, ilm-fan, san’at va zamonaviy texnologiyalargacha bo‘lgan keng qamrovda tahlil qilindi.

Anjumanning ilmiy muhokamalarida Amir Temurning davlat boshqaruvi va diplomatiyasi alohida o‘rin egalladi. Mutaxassislar uning shaxsini ilmiy jihatdan baholash, ideal hukmdor sifatidagi qiyofasi, Turon sivilizatsiyasi bilan bog‘liqligi kabi masalalarni ko‘rib chiqdilar. Shuningdek, saroy hujjatlari, diplomatik yozishmalar va tarjimonlik an’analari Temuriylar tashqi siyosatining muhim qismi sifatida tahlil etildi.

Harbiy san’atga bag‘ishlangan muhokamalarda Amir Temurning jahon harbiy tafakkuriga qo‘shgan hissasi, strategik yurishlar, razvedka va taktik yondashuvlari keng yoritildi. Zamonaviy tahlillar asosida uning geosiyosiy strategiyasi va harbiy boshqaruv tizimiga yangi baho berildi.

Shaharsozlik va me’morchilikka oid sho‘’bada esa Temuriylar davridagi arxitektura maktabi, Samarqand va Hirot kabi shaharlarning rivojlanish modeli, shuningdek, me’moriy yodgorliklarni saqlash va raqamli texnologiyalar orqali tiklash masalalari muhokama qilindi. Bu yo‘nalishda Temuriylar renessansining G‘arb me’morchiligiga ta’siri haqidagi ilmiy qarashlar ham ilgari surildi.

Tarixiy manbalarga bag‘ishlangan yig‘ilishlarda rasmiy yozishmalar, xitoy va usmoniy manbalari, qo‘lyozmalarni saqlash va raqamlashtirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi. Manbashunoslik va tekstologik tadqiqotlar Temuriylar davrini chuqur anglashda asosiy omil sifatida qayd etildi.

Ilm-fan va ta’lim yo‘nalishidagi muhokamalar Temuriylar renessansining mohiyatini ochib berdi. Xususan, Mirzo Ulug‘bek ilmiy maktabi, Ali Qushchi merosi hamda Ibn Xaldun bilan bog‘liq tarixiy muloqotlar jahon ilm-fani taraqqiyotidagi muhim bosqich sifatida baholandi.

Adabiyot va san’atga bag‘ishlangan sho‘’bada Alisher Navoiy ijodi markaziy o‘rinni egallab, uning asarlari poetika va ma’naviyat uyg‘unligi sifatida talqin qilindi. Shuningdek, Kamoliddin Behzod maktabi va qo‘lyozmalardagi matn va tasvir uyg‘unligi Temuriylar madaniyatining yuksak namunasi sifatida ko‘rsatildi.

Ijtimoiy-ma’naviy hayotga oid muhokamalarda jamiyatdagi axloqiy muhit, ta’lim, xayriya va ayollar o‘rni kabi masalalar ko‘rib chiqildi. Jumladan, Bibixonim obrazi orqali ayollarning jamiyatdagi o‘rni ilmiy asosda tahlil qilindi.

Anjumanda zamonaviy yondashuvlar ham e’tibor markazida bo‘ldi. Raqamli texnologiyalarga bag‘ishlangan sho‘’bada tarixiy manbalarni raqamlashtirish, me’moriy ob’yektlarni virtual tiklash va ularni turizm sohasiga integratsiya qilish imkoniyatlari muhokama qilindi.

Shuningdek, xattotlik merosiga bag‘ishlangan yig‘ilishda Temuriylar davrida shakllangan yozuv madaniyati, Qur’on nusxalarini ko‘chirish an’analari va nasta’liq xati rivoji kabi masalalar yoritildi.

Mutaxassislar fikricha, mazkur xalqaro anjuman Temuriylar merosini faqat tarixiy xotira sifatida emas, balki zamonaviy sivilizatsiya taraqqiyotiga ta’sir ko‘rsatgan muhim omil sifatida qayta baholash imkonini berdi.

Ushbu konferensiya O‘zbekistonning boy tarixiy-madaniy merosini jahon hamjamiyatiga keng targ‘ib qilish, xalqaro ilmiy hamkorlikni mustahkamlash va Temuriylar davrini yangi ilmiy yondashuvlar asosida o‘rganishda muhim bosqich bo‘lib qolishi kutilmoqda.



Source link

Leave a Reply

Your email address will not be published. Required fields are marked *

Trending

Exit mobile version