Iqtisodiyot
«Volkswagen» 100 ming ish o‘rnini qisqartirishni rejalashtirmoqda
«Volkswagen» Germaniyadagi to‘rtta ishlab chiqarish maydonini yopish va umumiy ish o‘rinlari qisqarishini 100 ming nafargacha yetkazish masalasini muhokama qilmoqda. «Reuters» manbalariga ko‘ra, ushbu rejalar 9-iyul kuni bo‘lib o‘tadigan kuzatuv kengashi yig‘ilishida ko‘rib chiqiladi.
Manbalarning aytishicha, Gannover, Svikkau, Emden zavodlari hamda «Audi»ning Nekkarzulmdagi korxonasi yopilishi mumkin. Bu qaror 45 mingdan ortiq ish o‘rniga xavf tug‘diradi. Agar reja amalga oshsa, 2024-yil oxirida kasaba uyushmalari bilan kelishilgan 50 ming ish o‘rni qisqartirilishiga yana qo‘shimcha qisqartirishlar qo‘shiladi.
Kompaniya bosh direktori Oliver Blyume ushbu takliflarni haftaning boshida yuqori rahbariyatga taqdim etgan. Uning maqsadi boshqaruv jamoasini chuqur islohotlar atrofida birlashtirishdan iborat. Biroq rejalar kasaba uyushmalari va kompaniyaning ikkinchi yirik aksiyadori hisoblangan Quyi Saksoniya hukumati qarshiligiga uchrashi kutilmoqda.
«Manager Magazin» xabariga ko‘ra, kompaniya kelasi besh yillik investitsiya dasturini taxminan 15 foizga qisqartirib, uni 130 milliard yevrodan sal ko‘proq miqdorda belgilashni ham rejalashtirmoqda.
Nashr ma’lumotiga ko‘ra, Oliver Blyume va moliya direktori Arno Antlits «Volkswagen»ning asosiy brendi hamda ehtiyot qismlar biznesini alohida tuzilmalarga ajratish imkoniyatini ham ko‘rib chiqmoqda.
Kompaniya rasmiy vakili maxfiy hujjatlarga izoh berishdan bosh tortdi. Shu bilan birga, u «butun guruh, barcha brendlar va shuba korxonalar chuqur o‘zgarishlardan o‘tishi shart», deya ta’kidladi. «Volkswagen» ishchilar kengashi va «IG Metall» kasaba uyushmasi esa bunday rejalarga qarshi keskin kurashishini ma’lum qildi.
«Volkswagen» so‘nggi yillarda import bojlari, elektromobillarga o‘tish xarajatlari hamda xitoylik ishlab chiqaruvchilarning kuchayib borayotgan raqobati bosimi ostida qolmoqda.
«AlixPartners» ma’lumotlariga ko‘ra, Xitoyda xorijiy avtomobil ishlab chiqaruvchilarning bozor ulushi 2020-yildagi 57 foizdan 2025-yilda 32 foizgacha qisqargan. «Volkswagen» esa 2024-yilda mamlakatdagi yetakchilikni «BYD»ga boy bergan va 2025-yilda uchinchi o‘ringa tushib qolgan.