Jamiyat
Vladivostokda o‘zbekistonliklar kaltaklangani yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi
Vladivostokda o‘zbekistonlik migrantlarga hujum qilgan 15 yoshli o‘smirlar va ularning sheriklariga jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Ulardan biri qo‘lga olingan, qolganlari qidirilmoqda, aybdorlarga 7 yilgacha qamoq jazosi berilishi mumkin.
Rossiyaning Primore o‘lkasi Tergov qo‘mitasi Vladivostokda O‘zbekiston fuqarolari kaltaklangani va haqorat qilingani yuzasidan jinoiy ish qo‘zg‘atdi.
Rossiya Tergov qo‘mitasining Primore o‘lkasi bo‘yicha boshqarmasi matbuot xizmati xabarida qayd etilishicha, 2025 yil 10 sentabrga o‘tar kechasi Vladivostok shahri Xabarovsk ko‘chasida bezorilik harakatlari sodir etishda gumon qilinayotgan 15 yoshli o‘smirlar va boshqa ishtirokchilarga nisbatan Jinoyat kodeksining 213-moddasi (Bezorilik) 2-qismi bilan ish ochilgan.
Tergov versiyasiga ko‘ra, o‘smirlar o‘sha kuni mast holatda bo‘lgan va hech qanday sababsiz to‘xtab turgan avtomobilga shikast yetkazgan, shuningdek, salon ichiga aerozol sepgan.
Shundan so‘ng figurantlar yuk mashinasi haydovchisiga hujum qilgan. Bundan tashqari, gumonlanuvchilar Xabarovsk ko‘chasidagi do‘konga bostirib kirib, xaridorlar va sotuvchi ko‘z o‘ngida bir erkakka hujum uyushtirgan.
Keyinchalik ayblanuvchilar taksi haydovchisi va salonda bo‘lgan yo‘lovchiga ham hujum qilgan. Bundan tashqari, voyaga yetmagan ushbu shaxslar ko‘chada baland ovozda baqirib, qurol sifatida tosh va boshqa vositalardan foydalanib, jamoat tartibini qo‘pol ravishda buzgan.
Hozirda gumonlanuvchilarning shaxsi aniqlangan, ulardan biri qo‘lga olingan, ikki nafari qidirilmoqda.
«Gumonlanuvchilar salbiy tavsiflangan va huquq-tartibot idoralari e’tiboriga tushib ulgurgandi. Ulardan biri „Nadejda“ do‘konidagi bezorilik bo‘yicha jinoiy ishda ayblanmoqda. Jinoyat ishi sudda ko‘rib chiqilmoqda», – deb qo‘shimcha qildi qo‘mita.
Avvalroq O‘zbekistonning Vladivostokdagi Bosh konsulxonasi bir guruh yoshlarning o‘zbekistonliklarga hujumi munosabati bilan Rossiya TIV va prokuraturasiga notalar yuborgani xabar qilingandi.