Iqtisodiyot
Venchur va xususiy investitsiya fondlari uchun huquqiy asos yaratiladi
O‘zbekistonda muqobil investitsiya fondlarini tashkil etish, boshqarish va tugatish, shuningdek, farishta investitsiyalarni amalga oshirish bilan bog‘liq munosabatlarni tartibga solishga qaratilgan qonun loyihasi ishlab chiqildi.
«Muqobil investitsiya fondlari to‘g‘risida»gi qonun loyihasida venchur fondlari, xususiy investitsiyalar fondlari, fondlar fondi, investitsiya shirkatlari va biznes-farishtalar faoliyati uchun huquqiy asoslarni belgilash nazarda tutilgan.
Loyihaga ko‘ra, muqobil investitsiya fondlari faqat malakali investorlar mablag‘lari hisobiga shakllantiriladi va ular qimmatli qog‘ozlar uyushgan bozorida muomalada bo‘lmagan aksiyalar, ishtirok etish ulushlari hamda boshqa aktivlarga investitsiya kiritadi.
Hujjatda venchur fondlarining innovatsion loyihalarni amalga oshiruvchi, rivojlanishning dastlabki bosqichlaridagi yuridik shaxslarga sarmoya yo‘naltirishi, xususiy investitsiyalar fondlari esa amaldagi kompaniyalarga to‘g‘ridan to‘g‘ri investitsiya kiritishi belgilangan.
Shuningdek, qonun loyihasida biznes-farishtalarning huquqiy maqomi, ularning investitsiya kiritish huquqlari, konvertatsiya qilinadigan qarzlar va kelgusida ulushni sotib olish to‘g‘risidagi bitimlar kabi yangi moliyaviy instrumentlar ham mustahkamlanmoqda.
Hujjatda muqobil investitsiya fondlarini davlat reyestriga kiritish, boshqaruvchi kompaniyalarni litsenziyalash, investorlar huquqlarini himoya qilish, audit va nazorat mexanizmlarini joriy etish ham nazarda tutilgan.
Qonun loyihasi qabul qilinishi venchur va xususiy kapital bozorini rivojlantirish, innovatsion loyihalarni moliyalashtirish imkoniyatlarini kengaytirish hamda mamlakatning investitsiya muhitini yanada takomillashtirishga xizmat qilishi kutilmoqda.