Jamiyat
Vazirlik va hokimliklar “yashil reyting” asosida baholanadi
O‘zbekistonda respublika va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari faoliyatining ekologik samaradorligini baholash tizimini joriy etish taklif qilinmoqda. Unga ko‘ra, vazirlik va hokimliklar resurslardan oqilona foydalanish, energiya tejamkorligi va atrof-muhitni muhofaza qilish kabi mezonlar asosida maxsus “yashil reyting” orqali baholanadi.
Muhokamaga qo‘yilgan Vazirlar Mahkamasi qarori loyihasiga ko‘ra, reyting tizimi Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi tomonidan yuritiladi. Baholash natijalari har yili qo‘mitaning rasmiy veb-sayti hamda maxsus greencities.uz elektron platformasida e’lon qilib boriladi.
Loyihada davlat idoralarida “yashil ofis” tamoyillarini joriy etish, qog‘oz sarfini qisqartirish, elektron hujjat aylanmasini kengaytirish, qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanish, chiqindilarni saralash va energiya hamda suvni tejovchi texnologiyalarni qo‘llash kabi chora-tadbirlar nazarda tutilgan.
Shuningdek, ekologik tashabbuslarda faol ishtirok etgan xodimlarni rag‘batlantirish, ekologik mezonlarni samaradorlik ko‘rsatkichlariga kiritish va har yillik “yashil hisobot” tayyorlash taklif etilmoqda.
Hujjatga ko‘ra, davlat organlarining ekologik samaradorligi tabiiy resurslardan foydalanish, suv va energiya tejamkorligi, chiqindilarni boshqarish, “yashil iqtisodiyot” tamoyillarini joriy etish, ekologik targ‘ibot va raqamli texnologiyalardan foydalanish kabi yo‘nalishlar bo‘yicha baholanadi.
Reyting natijalariga ko‘ra tashkilotlar yuqori, o‘rtacha va past samaradorlik toifalariga ajratiladi.