Jamiyat
Vasiylar faoliyati ustidan monitoring kuchaytiriladi
Ijtimoiy himoya tizimida vasiylik va homiylik faoliyatini takomillashtirishga qaratilgan qaror loyihasi ishlab chiqildi. Hujjat muomalaga layoqatsiz yoki muomala layoqati cheklangan shaxslarning huquq va manfaatlarini himoya qilish, ularning hayot sifatini oshirish hamda vasiy va homiylar faoliyati ustidan nazoratni kuchaytirishni ko‘zda tutadi.
Loyihada vasiylik va homiylikni “yagona nuqta” tamoyili asosida tashkil etish, professional vasiylik institutini joriy qilish, mulkiy huquqlarni himoya qilish va sohada ishtirok etuvchilarning bilim va salohiyatini oshirish asosiy maqsadlar sifatida belgilangan.
Hujjatga ko‘ra, 2026 yil 1 iyundan “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazlari tomonidan vasiy va homiylar faoliyati doimiy monitoring qilib boriladi. Monitoring doirasida:
vasiy va homiylar majburiyatlarining bajarilishi;
vasiylikdagi shaxslarning yashash sharoiti, sog‘lig‘i va ta’minoti;
ularning mol-mulkini boshqarish va mulkiy manfaatlarni himoya qilish;
zo‘ravonlik holatlarini erta aniqlash va zarur choralar ko‘rish kabi masalalar o‘rganiladi.
Shuningdek, 2026 yil 1 oktyabrdan shaxsni muomalaga layoqatsiz yoki muomala layoqati cheklangan deb topish va unga vasiy yoki homiy tayinlash masalalari sudda bir vaqtning o‘zida hal etilishi rejalashtirilmoqda. Vasiy topilmagan hollarda “Inson” markazlari vaqtincha vasiylik funksiyalarini bajaradi.
Loyihaga muvofiq, vasiylik va homiylik belgilashda davlat organlari o‘rtasida ma’lumot almashinuvi “Raqamli hukumat” platformasi orqali amalga oshiriladi, sud qarorlari esa monitoring uchun tegishli tartibda ijtimoiy xizmatlar markazlariga yuboriladi.
Hujjatda vasiylikdagi shaxslarning mol-mulkiy huquqlarini himoya qilishga qaratilgan normalar ham nazarda tutilgan. Jumladan, muomalaga layoqatsiz deb topilgan shaxslarga tegishli yagona turar joyni tasarruf etish taqiqlanishi belgilanmoqda.
Qaror loyihasi ijrosini tashkil etish bo‘yicha mas’ullar belgilanib, ijro nazorati hukumat tomonidan amalga oshirilishi ko‘zda tutilgan.