Jamiyat
va’dani bajarish uchun hali ham kechmas
Yunusoboddagi bu 3 gektarlik joy hukumat farmoyishi bo‘yicha ham, poytaxt bosh rejasi bo‘yicha ham xiyobon bo‘lishi kerak. Bu yerni kompensatsiya tariqasida olgan tadbirkor bosh rejadagi taqiq sabab qurilishga ruxsat ololmayapti. Demak, tadbirkorni rozi qilgan holda, unga boshqa joydan yer berish masalasini ko‘tarish, bu hududni esa hukumat farmoyishida belgilanganidek xiyobonga aylantirish lozim.
{Yii::t(}
O’tkazib yuborish 6s
O’tkazib yuborish
Kun.uz Yunusobodda tumanining Obod mahallasida bo‘lib, xalq tilida “Toshturma” deb atalgan 1-sonli tergov hibsxonasining o‘rnini ko‘zdan kechirdi. Agar rasmiylar hukumatning hujjatlashtirilgan topshirig‘iga mas’uliyatliroq yondashganida, tashlandiq holda yotgan bu 3 gektar joy bugun so‘lim xiyobon bo‘lgan bo‘lardi.
Xabaringiz bo‘lsa, bu hibsxona bir necha yil oldin Zangiota tumaniga ko‘chirilgan, undan qolgan binolar esa hukumat farmoyishi asosida buzib tashlangan. O‘sha farmoyishga asosan, poytaxt hokimligi bu yerni obodonlashtirib, xiyobonga aylantirishi kerak edi. Amalda nima bo‘lganini esa, videolavhamizda ko‘rishingiz mumkin: oradan 7 yil o‘tsa hamki, xiyobondan darak yo‘q.
Yaqinda senator Sayyora Abdukarimova nega bu topshiriq haliyam bajarilmayapti degan savol bilan, Toshkent shahar hokimligiga so‘rov yuborgan edi. Hokimlikning bu so‘rovga javobidan ma’lum bo‘lishicha, “xiyobon bo‘ladi” deyilgan joy allaqachon xususiy tadbirkorga berib yuborilgan ekan.
Voqealar rivoji quyidagicha: 2017 yil oxirida “Toshturma” Zangiotaga ko‘chirilganidan keyin, 2018 yil aprel oyida Vazirlar Mahkamasining farmoyishi chiqqan. Bu farmoyishga asosan, poytaxt hokimligi bu yerdagi binolarni buzib, o‘rnini obodonlashtirishi va odamlarga xiyobon qilib berishi kerak edi. Lekin hokimiyat berilgan topshiriqni chala bajargan: o‘sha yili tergov izolyatori binolari buzib tashlangan, lekin xiyobon tashkil qilish vazifasi qog‘ozda qolib ketgan.
2018 yil 30 aprel (chapda) va 2018 yil 30 avgust (o‘ngda) kunlari sun’iy yo‘ldoshdan olingan suratlar / Foto: Google Earth
2018 yil Toshkent shahri tarixida alohida o‘rin tutadi: o‘sha yili bahorda poytaxtga tadbirkor Jahongir Ortiqxo‘jayev hokim etib tayinlangan va unga ko‘pdan ko‘p eksklyuziv vakolatlar berilgan edi. U 2020 yilda Yunusobod Business City qurilishi uchun yeri olib qo‘yilgan tadbirkorlardan biriga kompensatsiya tariqasida ayni mana shu 3 gektarlik hududni ajratib bergan.
“Ogneupor” nomli ushbu MChJ yong‘inga chidamli mahsulotlar ishlab chiqarish bilan shug‘ullanadi. Kompaniya rahbarining aytishicha, ular avvaliga o‘z faoliyatini yangi joyda ham davom ettirish uchun bu yerda sanoat korxonasi qurmoqchi bo‘lishgan. Lekin atrofda aholi uylari ko‘pligi sababli, bu fikrdan voz kechib, mehmonxona yoki ko‘p qavatli uylar qurishga qaror qilishgan. Ularning bu rejasini amalga oshirishga Toshkent shahrining o‘tgan yili tasdiqlangan bosh rejasi to‘siq bo‘lyapti.
Gap shundaki, tadbirkorning yerga nisbatan hamma hujjatlari joyida, lekin bosh rejada bu hudud konservatsiya zonasi sifatida ko‘rsatilgan. Konservatsiya zonalarida esa yangi qurilishlar qilish taqiqlangan. Shu sababli tadbirkor qurilishga ruxsat olish uchun yagona darcha orqali yo‘llagan murojaatlariga rad javoblarini olgan.
Bizningcha, agar rasmiylar o‘zlari bergan va’daga vafo qilishsa, tadbirkorni rozi qilib, unga boshqa joydan yer bergan holda, sobiq Toshturmaning o‘rnida hukumat farmoyishida yozilganidek xiyobon barpo etishsa, har tomonlama to‘g‘ri yechim bo‘lgan bo‘lardi.
Hozirgi vaziyatda tadbirkor ham bu yerda hech narsa qura olmayapti, aholi ham dam olish maskanidan quruq qolyapti. Na aholi, na tadbirkor foyda ko‘rmayaptimi, demak mavjud vaziyat davlatning ham foydasiga ishlayotgani yo‘q.