Iqtisodiyot
UZEX birjasida 3 oyda 2,3 tonnadan ortiq oltin va kumush sotildi
2026-yilning birinchi choragida O‘zbekiston respublika tovar-xom ashyo birjasi orqali 2 tonna 342,9 kilogramm oltin va kumush sotildi. Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, umumiy hajmning asosiy qismi oltin hissasiga to‘g‘ri kelgan.
Xususan, birja savdolarida 1 tonna 920,2 kilogramm oltin sotilgan bo‘lib, uning o‘rtacha kotirovkasi 1 gramm uchun 1 mln 779,9 ming so‘mni tashkil etgan.
Shu bilan birga, kumush savdosi hajmi 422,7 kilogramni tashkil etib, uning o‘rtacha narxi 1 gramm uchun 31 408,3 so‘mga teng bo‘lgan.
Qimmatbaho metallar narxi xalqaro bozor ko‘rsatkichlariga bog‘liq holda belgilanadi. Xususan, boshlang‘ich narx O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki kursi asosida milliy valyutada hisoblanadi. Bunda asos sifatida London qimmatbaho metallar bozori uyushmasining tonggi fiksing ko‘rsatkichlari qo‘llaniladi.
Birja savdolarida asosiy sotuvchilar sifatida «Olmaliq KMK» va «Navoiy KMK» ishtirok etmoqda. Qimmatbaho metallarning asosiy xaridorlari esa sanoatda qayta ishlash quvvatiga ega korxonalar hamda zargarlik buyumlari ishlab chiqaruvchilar hisoblanadi.