Siyosat

«Uzbekistan Airways»ni IPO‘ga tayyorlash boshlandi

Published

on


«Uzbekistan Airways» aksiyadorlik jamiyatini transformatsiya qilish va xalqaro IPO‘ga tayyorlash ishlarini jadallashtirish masalasi Prezident Shavkat Mirziyoyevga taqdim etildi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Qayd etilishicha, bu jarayonda Milliy investitsiya jamg‘armasi tashkil etilgani va uning boshqaruviga «Franklin Templeton» kompaniyasi jalb qilingani muhim qadam sifatida qayd etildi. O‘tgan oyda jamg‘arma ilk bor xalqaro bozorda 690 million dollarlik aktivlarni joylashtirdi. Bu jarayonda investorlardan qariyb 3 milliard dollarlik buyurtmalar kelib tushgani O‘zbekiston aktivlariga qiziqish yuqori ekanini ko‘rsatdi.

Endi jamg‘arma portfelidagi 13 ta yirik korxonani IPO‘ga tayyorlash vazifasi turibdi. Ular qatorida «Uzbekistan Airways», «O‘zsanoatqurilishbank», «O‘zbekgidroenergo», «O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari» va «O‘zbektelekom» ham bor.

«Franklin Templeton» mutaxassislari milliy aviakompaniya faoliyatini tahlil qilib, 115 ta chora-tadbirdan iborat transformatsiya dasturini ishlab chiqqan. Hisob-kitoblarga ko‘ra, mazkur dastur to‘liq amalga oshirilsa, kompaniyaning operatsion daromadlari bir yilda 120 million dollarga oshishi mumkin.

Dasturda marshrutlarni optimallashtirish, to‘g‘ridan to‘g‘ri sotuvlarni kengaytirish, mijozlar bilan ishlash tizimini yaxshilash, parvozlar samaradorligini oshirish va xizmat ko‘rsatuvchi tarmoq korxonalar faoliyatini rivojlantirish kabi yo‘nalishlar nazarda tutilgan.

Shuningdek, aviakompaniyaning bozor qiymatini hozirgi 1,6 milliard dollardan 2,3 milliard dollargacha oshirish imkoniyati mavjudligi qayd etildi. Biroq taqdimotda dastur ijrosi hozircha kutilgan sur’atda kechmayotgani ham tanqid qilindi.

Prezident kompaniyani xalqaro kapital bozoriga olib chiqish uchun boshqaruv sifatini oshirish, moliyaviy intizomni kuchaytirish, xalqaro standartlar asosida hisobot yuritish va kredit reytingini yaxshilash zarurligini ta’kidladi.

Yil yakuniga qadar «Uzbekistan Airways» aksiyalarining 15–20 foizini xalqaro IPO orqali sotish rejalashtirilgan. Buning uchun kompaniyaning investitsion jozibadorligini oshirish, aktivlarni qayta ko‘rib chiqish va davlat buyurtmalari bo‘yicha xarajatlarni qoplash mexanizmlarini joriy etish belgilandi.

Shu bilan birga, mamlakatga kelayotgan turistlar soni tez sur’atlarda ortib borayotgani qayd etildi. Yil boshidan buyon O‘zbekistonga tashrif buyurgan sayyohlar soni 27,5 foizga o‘sib, qariyb 5,5 million nafarga yetgan. Shu munosabat bilan samolyotlar parkini kengaytirish va Toshkentni Markaziy Osiyoning yirik aviahabiga aylantirish bo‘yicha qo‘shimcha vazifalar belgilandi.



Source link

Leave a Reply

Your email address will not be published. Required fields are marked *

Trending

Exit mobile version