Sport
UYeFA FIFAni «qizil chiziq»dan o‘tganlikda aybladi
Yevropa futbol uyushmalari ittifoqi (UYeFA) AQSh terma jamoasi hujumchisi Folarin Balogunga nisbatan qabul qilingan qaror yuzasidan FIFAni keskin tanqid qildi.
Gap shundaki, FIFA intizom qo‘mitasi Balogunning qizil kartochkadan keyin avtomatik ravishda qo‘llanilishi kerak bo‘lgan bir o‘yinlik diskvalifikatsiyasini bir yillik sinov muddati bilan almashtirdi. Bu qaror esa futbolchiga Jahon chempionati 1/8 finalida Belgiyaga qarshi bahsda maydonga tushish imkonini berdi.
UYeFA tarqatgan bayonotda mazkur qaror «misli ko‘rilmagan, tushuntirib bo‘lmaydigan va asossiz» deb baholandi.
«Qizil kartochkadan keyin kamida bir o‘yinlik avtomatik diskvalifikatsiya qoidasi istisnosiz qo‘llanilishi kerak. Turnir davomida bu kabi qoidalarni o‘zgartirish musobaqa adolatini shubha ostiga qo‘yadi», – deyiladi UYeFA bayonotida.
Tashkilot FIFAning qarori «qizil chiziqdan o‘tganini» ta’kidlab, bunday yondashuv futbol qoidalariga bo‘lgan ishonch va musobaqa nufuziga salbiy ta’sir ko‘rsatishini bildirdi.
Folarin Balogun Bosniya va Gersegovinaga qarshi uchrashuvda qizil kartochka olgani uchun Belgiya bilan o‘yinni o‘tkazib yuborishi kerak edi. Biroq FIFA Intizom qo‘mitasi FIFA Intizom kodeksining 27-moddasiga tayanib, diskvalifikatsiya ijrosini bir yillik sinov muddatiga almashtirdi.
Bu qaror Belgiya futbol federatsiyasi tomonidan ham tanqid qilinib, rasmiy tarzda shikoyat kiritilgan. Shuningdek, xorij OAVlari AQSh prezidenti Donald Tramp Balogun masalasini qayta ko‘rib chiqish yuzasidan FIFA rahbariyatiga murojaat qilgani haqida xabar bergan.