Siyosat

Urbanizatsiya global barqarorlik va xavfsizlikka ta’sir qiluvchi omilga aylanmoqda

Published

on


O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Butunjahon urbanizatsiya forumi 13-sessiyasining Yetakchilar sammitida ishtirok etib, global urbanizatsiya jarayonlari, aholini uy-joy bilan ta’minlash va barqaror shaharlar barpo etish masalalari bo‘yicha qator tashabbuslarni ilgari surdi.

Davlat rahbari o‘z nutqida forumning Boku shahrida yuqori saviyada tashkil etilganini ta’kidlab, Ozarbayjon prezidenti Ilhom Aliyevga mehmondo‘stlik uchun minnatdorlik bildirdi. Shuningdek, Qorabog‘da amalga oshirilayotgan bunyodkorlik ishlariga yuqori baho berdi.

Prezident urbanizatsiya jarayonlari XXI asrda dunyo oldidagi eng dolzarb masalalardan biriga aylanganini qayd etdi.

«Bugun dunyoda qariyb 3 milliard inson birlamchi yashash sharoitlaridan mahrum. Bir milliarddan ziyodi norasmiy turar joylarda yashamoqda, 300 milliondan ortiq odam esa umuman boshpanasiz», – dedi Mirziyoyev.

Uning ta’kidlashicha, iqlim o‘zgarishi, iqtisodiy inqirozlar va xalqaro mojarolar global migratsiyani kuchaytirib, shaharlar oldiga yangi chaqiriqlarni qo‘ymoqda.

Prezident O‘zbekistonda urbanizatsiya strategik ahamiyatga ega ekanini bildirib, yaqin 15 yilda mamlakat aholisi 50 million nafarga, urbanizatsiya darajasi esa 65 foizga yetishi kutilayotganini aytdi.

Shu munosabat bilan keyingi yillarda mamlakatda uy-joy qurilishi sezilarli darajada oshirilgani ma’lum qilindi.

Xususan:


2025-yilda 238 mingta xonadon qurilgan;arzon uy-joy dasturlariga har yili qariyb 2 milliard dollar ajratilmoqda;
100 mingga yaqin uy-joy rasmiylashtirilgan;
renovatsiya asosida quriladigan uylar ulushini 60 foizga yetkazish rejalashtirilgan.

Nutqda «Yangi Toshkent» megaloyihasiga ham alohida to‘xtalib o‘tildi. Prezidentga ko‘ra, ikki million aholiga mo‘ljallangan mazkur shahar «yashil», «aqlli», «xavfsiz» va «15 daqiqali shahar» tamoyillari asosida barpo etilmoqda.

Mirziyoyev forumda bir qator xalqaro tashabbuslarni ham ilgari surdi. Jumladan, «Aqlli va xavfsiz shaharlar alyansi»ni tuzish, «Yashil shahar» xalqaro mukofotini ta’sis etish hamda 2030 yilda Butunjahon urbanizatsiya forumining 15-sessiyasini Yangi Toshkent shahrida o‘tkazish taklif qilindi.

Prezident forum yakunida mazkur anjuman yangi tashabbuslar va hamkorliklar uchun muhim platforma bo‘lishiga ishonch bildirdi.



Source link

Leave a Reply

Your email address will not be published. Required fields are marked *

Trending

Exit mobile version