Iqtisodiyot
Un sotish qoidalarini buzgan 29 ta korxona birjadan chetlashtirildi
Raqobat qo‘mitasi qonunchilik talablarini buzgan bir qator korxonalarni birja savdolaridan chetlashtirdi. Xususan, davlat bug‘doyidan olingan unni sotuvga chiqarmagan yoki yetarlicha miqdorda taklif qilmagan 29 ta korxona jazolandi.
Ichki bozorda ishlab chiqarilishi lozim bo‘lgan un mahsulotini birjaga qo‘ymaslik holatlari kuzatildi, deya xabar berdi Raqobat qo‘mitasi axborot xizmati.
Monitoring natijalariga ko‘ra, davlat resursi bug‘doyidan ishlab chiqarilgan unni savdolarga chiqarmagan yoki yetarli hajmda joylashtirmagan 29 ta korxona birjadan chetlashtirildi.
Shuningdek, birinchi chorak yakunlari bo‘yicha davlat resursidan xarid qilingan mahsulotni birja orqali sotish tartibiga rioya etmagan 25 ta un ishlab chiqaruvchi korxonaga nisbatan ish qo‘zg‘atilib, tegishli ta’sir choralarini qo‘llash yuzasidan qaror va ko‘rsatmalar qabul qilindi.
«Raqobat qo‘mitasi ichki bozorda bug‘doy mahsulotlari narxlarini barqarorlashtirish uchun birja savdolarida davlat resursi bug‘doyni xarid qilgan hajmining tegishli normasi bo‘yicha un mahsulotini savdolariga chiqarish majburiy ekanligini, belgilangan tartiblar buzilgan taqdirda qat’iy chora ko‘rilishini ma’lum qiladi», deyiladi qo‘mita xabarida.