Jamiyat
Umra xizmatlarini noqonuniy amalga oshirayotgan shaxslar faoliyatini aniqlash maqsadida “Sirli mijoz” tadbiri o‘tkaziladi
Din ishlari bo‘yicha qo‘mita mas’ul xodimi Umra xizmatlarini noqonuniy amalga oshirishda gumon qilinayotgan jismoniy yoki yuridik shaxsning oldiga mijoz sifatida boradi va undan o‘ziga Umra xizmati ko‘rsatilishini so‘raydi. “Sirli mijoz” tadbiri tekshirish yoki tadbirkorlik faoliyatiga aralashish hisoblanmaydi. Bunday tadbirlar “Yagona davlat nazorati” axborot tizimida ro‘yxatga olinmaydi.
Foto: Din ishlari bo‘yicha qo‘mita
Din ishlari bo‘yicha qo‘mita qarori bilan “Umra tadbirlarini tashkil etish va o‘tkazish faoliyatida nazorat xaridini amalga oshirish tartibi to‘g‘risidagi Nizom” tasdiqlandi. Nizom Umra tadbirlarini tashkil etish va o‘tkazish faoliyatida iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish, litsenziyaga ega bo‘lmagan shaxslar tomonidan noqonuniy xizmatlar ko‘rsatilishini barvaqt aniqlash va oldini olish maqsadida nazorat xaridini amalga oshirish tartibini belgilaydi.
Hujjatda Umra xizmatlarini noqonuniy amalga oshirayotgan jismoniy yoki yuridik shaxslar faoliyatini barvaqt aniqlash maqsadida “Sirli mijoz” tadbirini o‘tkazish nazarda tutilgan. Tadbir qonuniylik, xolislik va adolatlilik prinsiplariga asoslangan holda qo‘mita mas’ul xodimlari tomonidan amalga oshiriladi.
“Sirli mijoz” tadbiri tekshirish yoki tadbirkorlik faoliyatiga aralashish hisoblanmaydi, bunday tadbirlar “Yagona davlat nazorati” axborot tizimida ro‘yxatga olinmaydi.
“Sirli mijoz” tadbiri quyidagi manbalardan olingan ma’lumotlar asosida tashkil etiladi:
jismoniy va yuridik shaxslar tomonidan Umra xizmatini ko‘rsatish faoliyati yuzasidan qo‘mitaga kelib tushgan murojaatlar;
davlat organlari va boshqa tashkilotlar tomonidan taqdim etilgan ma’lumot, tahlil va xulosalar;
ommaviy axborot vositalari, Internet jahon axborot tarmog‘idagi vebsaytlar, ijtimoiy tarmoqlar va boshqa ochiq manbalarda tarqalgan ma’lumotlar;
“Xavfni tahlil qilish” elektron tizimida huquqbuzarlik sodir etish xavfi o‘rta va yuqori darajada baholangan tadbirkorlik sub’yektlari to‘g‘risidagi ma’lumotlar.
Tadbirni o‘tkazish qo‘mita raisi tomonidan qabul qilinadigan tegishli buyruq asosida amalga oshiriladi. Unda “Sirli mijoz” tadbirini o‘tkazish uchun asos bo‘lgan ma’lumotlar, tadbirni o‘tkazish muddati, uni amalga oshiruvchi mas’ul xodim ismi va lavozimi hamda boshqa ma’lumotlar ko‘rsatilishi kerak.
Qo‘mita mas’ul xodimi Umra xizmatlarini noqonuniy amalga oshirishda gumon qilinayotgan jismoniy yoki yuridik shaxsning oldiga mijoz sifatida boradi va undan o‘ziga Umra xizmati ko‘rsatilishini so‘raydi hamda ma’lumotlarni yig‘adi. “Sirli mijoz” tadbiri davomida Umra xizmatini ko‘rsatish uchun tegishli litsenziya mavjudligi, Umra xizmatini ko‘rsatish shartlari (muddati, narxi va boshqalar) hamda to‘lov usuli haqidagi ma’lumotlar to‘planadi. Tadbir davomida yashirin diktofon yoki video kuzatuv moslamalaridan foydalanilishi mumkin. Ushbu moslamalarda yozib olingan ma’lumotlardan boshqa maqsadlarda foydalanishga yo‘l qo‘yilmaydi.
“Sirli mijoz” tadbiri natijalari bo‘yicha dalolatnoma qo‘mita mas’ul xodimi tomonidan tadbir yakunlangandan kundan e’tiboran bir ish kuni ichida Qo‘mitaning vakolatli tarkibiy bo‘linmasiga taqdim etiladi. Qo‘mitaning vakolatli tarkibiy bo‘linmasi tomonidan “Sirli mijoz” tadbiri natijalari bo‘yicha dalolatnoma u taqdim etilgandan so‘ng besh ish kuni ichida ko‘rib chiqiladi. Bunda huquqbuzarlik holatlari mavjud bo‘lsa, qonunchilikda belgilangan tartibda tekshiruvlar o‘tkazish yoki huquqni muhofaza qiluvchi organlarga materiallarni yuborish bo‘yicha takliflar tayyorlanadi.