Jamiyat
Ukrainadagi urushning 4 yilligi munosabati bilan Toshkentda ko‘rgazma ochildi
24 fevral kuni Ukrainaga qarshi tajovuzning boshlanganiga 4 yil to‘ldi. Shu munosabat bilan «Ilhom» teatrida ukrainalik illyustratorlarning «Ko‘k-sariq» nomli ko‘rgazmasi ochildi. Unda ushbu davlat madaniy ramzlari, e’tiborga molik tarixiy voqealar gavdalantirilgan. Ko‘rgazma 25-28 fevral kunlari omma uchun ochiq bo‘ladi.
Foto: Yevropa ittifoqining O‘zbekistondagi elchixonasi
Ushbu ko‘rgazmaning ochilish marosimi 24 fevral kuni «Ilhom» teatrida o‘tkazildi va madaniy tadbir tashkilotchilari sifatida Yevropa ittifoqining, Ukrainaning O‘zbekistondagi elchixonasi vakillari nutq so‘zlashdi.
Mualliflarga ko‘ra, «Ko‘k-sariq» ko‘rgazmasidagi eksponatlar Ukraina madaniy razmlari, ushbu mamlakatdagi so‘nggi ijtimoiy hodisalar, tarixiy voqealar va ukrain an’analaridan gapiradi.
“Bu jihatlar ukrainaliklar uchun yaxshi tanish bo‘lsa-da, xorijda ko‘p hollarda yetarlicha ma’lum emasdi. Zamonaviy vizual san’at orqali loyiha Ukrainaning go‘zalligi, boyligi va o‘ziga xosligini namoyon etdi, mamlakatning milliy o‘ziga xosligi va madaniy merosini keng jamoatchilikka taqdim qilindi”,- deydi Yevropa ittifoqining O‘zbekistondagi elchisi Toyvo Klaar.
Ko‘rgazma ochilishida Anton Ptushkinning “Biz, uy hayvonlarimiz va urush” nomli hujjatli filmi ham namoyish qilindi. Filmda urushdan jabr ko‘rgan hayvonlarni qutqarish uchun hayotini xavf ostiga qo‘ygan askarlar va ko‘ngilli ukrainaliklar, xorijliklar tasvirlangan.
Ko‘rgazma ochilishi arafasida O‘zbekistondagi Yevropa Ittifoqiga a’zo davlatlarning elchilari boshqa yevropalik hamkorlar bilan birgalikda qo‘shma videomurojaat bilan chiqish qilib, Rossiya hujumlari natijasida halok bo‘lgan yuzlab bolalar xotirasini yod etishdi.
“Yevropa Ittifoqi Ukrainaga siyosiy, iqtisodiy, harbiy va diplomatik jihatdan eng yirik ko‘makni bermoqda. Biz adolatli va barqaror tinchlikka olib boruvchi har qanday ishonchli yo‘lni qo‘llab-quvvatlaymiz. Har qadamda Ukraina bilanmiz va Yevropa Ittifoqi timsolida siz doimo ishonchli, barqaror hamkorni topasiz”, – dedi elchi Toyvo Klaar.