Jamiyat
Uchtepada yuk mashinasi haydovchisi va fuqarolar o‘rtasida janjal sodir bo‘ldi
Ijtimoiy tarmoqlarda haydovchi va bir necha shaxslar o‘rtasidagi janjal aks etgan video tarqalib, keng muhokamalarga sabab bo‘ldi. Mazkur holat yuzasidan rasmiy ma’lumot berildi.
Ma’lum qilinishicha, joriy yilning 9 fevral kuni Uchtepa tumani Yusuf Sakkokiy mahallasi hududida 2001 yilda tug‘ilgan, Isuzu rusumli yuk avtomashina haydovchisi N.A. (yo‘lovchisi 2005 yilda tug‘ilgan X.N.) hamda fuqarolar — 1993 yilda tug‘ilgan S.S., 1990 yilda tug‘ilgan O.S., 2006 yilda tug‘ilgan S.A. va 2008 yilda tug‘ilgan A.A. o‘rtasida tortishuv yuzaga kelgan.
Aniqlanishicha, tomonlar o‘zaro janjallashib ketgan. Janjal vaqtida yuk avtomashinasining yo‘lovchisi X.N. temir jism bilan fuqaro O.S.ning bosh qismiga urib, tan jarohati yetkazgan.
Mazkur holat yuzasidan Uchtepa tumani IIO FMB huzuridagi Tergov bo‘limi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 277-moddasi (“Bezorilik”) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Gumonlanuvchilar protsessual tartibda ushlangan.
Hozirda tergov harakatlari davom etmoqda.