Jamiyat
Uch yil avval pora olgan sobiq arxiv xodimasi sudga tortildi
Buxoro viloyat Arxiv tizimida ishlab kelgan ayolning firibgarlik va hujjatni soxtalashtirish bilan hujjat soxtalashtirish bilan bog‘liq jinoyat fosh etildi.
Jinoyat ishlari bo‘yicha Qorako‘l tumani Sudi qaroriga ko‘ra, u pensiya chiqarib berish va’dasi bilan o‘z qarindoshi bo‘lgan fuqarodan pul olgan va soxta arxiv ma’lumotnomasini tayyorlagan.
1987-yilda Olot tumanida tug‘ilgan E.A. bir vaqtlar Olot tumani idoralararo shaxsiy tarkib arxivida fond saqlovchi vazifasida ishlagan. Keyinchalik ishdan chiqib, uyda o‘tirgan bo‘lgan.
Tergov materiallariga ko‘ra, E.A. 2023-yilda o‘z xizmat mavqeidan foydalanib, «Denov» mahallasida yashovchi S.Q.ni aldagan. Unga pensiyaga chiqish uchun ish staji yetarli emasligini bilib, tanishlari orqali bu masalani hal qilib berishini aytgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, pensiyani rasmiylashtirish uchun arxiv hujjatlari orqali qo‘shimcha ish staji «yozdirib berish» mumkin edi.
Buning uchun esa 300 AQSh dollari talab qilgan. S.Q. buncha miqdordagi puli bo‘lmagani uchun qo‘shnisidan qarz olgan va shu kuniyoq, E.A.ga 300 AQSh dollari topshirgan.
E.A. tayyorlagan ma’lumotnoma elektron baza orqali Davlat xizmatlari markaziga yuborilgan va uning asosida S.Q.ga shu asosda yoshga doir pensiya tayinlangan. U bir necha oy davomida pensiya olib kelgan.
Oradan vaqt o‘tib, pensiya hujjatlari qayta tekshirilganda, arxiv ma’lumotlari bilan solishtirish orqali jiddiy farqlar aniqlangan. 2025-yilning oxirida holat yuzasidan tergov ishlari boshlanib ketgan. Tergov hujjatlariga ko‘ra, E.A. arxivda saqlanayotgan «Denov kolxozi ish haqi kitoblari» asosida S.Q.ning ish kunlarini sun’iy ravishda ko‘paytirgan. Natijada, aslida, 5 yil 9 oy ish staji bo‘lgan fuqaroga 7 yil 10 oy staj borligi haqida soxta arxiv ma’lumotnomasi tayyorlangani oshkor bo‘lgan.
Tekshirish natijasida S.Q.ning 1984-yildagi ish kunlari asossiz ko‘paytirilgani, 1985-yildagi ish kunlari boshqa fuqaroga tegishli bo‘lgani hamda ayrim yillardagi ish kunlari sun’iy ravishda qo‘shib yozilgani aniqlangan. Va shu sabab bilan S.Q.ning pensiyasi bekor qilingan va u olgan 5 million 789 ming 863 so‘m pullar davlatga qaytarilishi belgilangan.
S.Q. huquqni muhofaza qiluvchi organlarga o‘z yaqin qarishdoshi tomonidan 2023-yilda pensiya hujjatlari soxtalashtirib berilganini va u ishonganini aytib, murojaat qilgan. Shundan so‘ng, departament xodimlari tomonidan tezkor tadbir tashkil etilgan. E.A. o‘z qarindoshi S.Q.dan olgan pullarini qaytarish uchun jabrlanuvchi bilan uchrashgan va 200 AQSh dollarini qaytarayotgan vaqtda tezkor xodimlar tomonidan ushlangan.
Jinoyat ishlari bo‘yicha Qorako‘l tuman sudi aybdorga Jinoyat kodeksining 168-moddasi (Firibgarlik), 28- (Jinoyat ishtirokchilarining turlari) hamda 211- ( Pora berish) moddalari bilan ish qo‘zg‘ab, 3 yil muddatga ozodlikni cheklash hamda 2 yil muddatga axloq tuzatish ishlari jazosini bergan.