Jamiyat

u uch oyda ikki bor sudlandi

Published

on


44 yoshli erkak Qarshi tumanidagi xonadonida eshak so‘yib, go‘shtini turli bozorlarda sotib kelgan. Uning xonadonidan 247 kg iste’molga yaroqsiz go‘sht va qariyb 100 ta eshak terisi topilgan. 2026 yil fevral oyida ham eshak go‘shti sabab sudlanib, ozodligi cheklangan erkakka sudya “marhamat ko‘rsatib” yana shu turdagi jazoni tayinladi.

Qashqadaryoda eshak so‘yib sotish bilan shug‘ullanib kelgan shaxs jinoiy jazoga tortildi. U 3 oyda ikkinchi bor shunday qilmishi uchun sudlandi. Sudning unga nisbatan tayinlagan jazosi esa biroz bahsli.

Xonadondagi kushxona

1982 yilda tug‘ilgan I.X. Qashqadaryo viloyatining turli hududlaridan eshaklarni sotib olib, ularni Qarshi tumanidagi xonadonida so‘ygan. Go‘shtini esa turli bozorlarda sotib kelgan.  

Sud hujjatiga ko‘ra, I.X. umumiy hisobda 5 marta sudlangan. Shundan bittasi o‘g‘rilik, yana bittasi bosqinchilik bo‘lsa, uchtasi Jinoyat kodeksining 186-moddasi, ya’ni xavfsizlik talablariga javob bermaydigan tovarlarni o‘tkazish maqsadini ko‘zlab ishlab chiqarish, saqlash, tashish yoxud o‘tkazish, ishlar bajarish yoki xizmatlar ko‘rsatish jinoyatiga aloqador.

I.X. 2026 yilning o‘zida ikki marta eshak go‘shti sabab sudlangan.

1-holat

2025 yil 22 oktyabr kuni Qashqadaryo viloyati IIB va Qarshi tumani IIB xodimlari tomonidan tezkor tadbir o‘tkazilgan. Unda I.X.ning yashash xonadonidan iste’molga yaroqsiz bo‘lgan 61 kg go‘sht, 112 ta eshak terisi va 15 ta eshak qovurg‘alari topilgan. 

Qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi JIB Kasbi tuman sudida ko‘rib chiqilgan. Ushbu sudning 2026 yil 20 fevraldagi hukmi bilan I.X. Jinoyat kodeksining 186-moddasi 1-qismida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etishda aybli deb topilgan. Unga 2 yil ozodlikni cheklash jazosi tayinlangan.

2-holat

2025 yil 28 dekabrda ichki ishlar xodimlari I.X.ning xonadonida yana tezkor-tadbir o‘tkazgan. Bu safar iste’molga yaroqsiz 247 kg go‘sht, eshak suyaklari va 99 ta teri topilgan.

Ayni shu kuni Qarshi tumanining Paxtazor mahallasidagi mol bozorida go‘sht sotish bilan shug‘ullanib kelgan fuqaro Yu.A.dan (ayol kishi) 127 kg eshak go‘shti rasmiylashtirib olingan. U ushbu go‘shtni I.X.dan kilosini 60 ming so‘mdan sotib olgan bo‘lgan.

Holat yuzasidan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi JIB Qarshi tuman sudida ko‘rib chiqilgan. Ushbu sudning 2026 yil 13 maydagi hukmi bilan I.X.ga Jinoyat kodeksining 186-moddasi 2-qismi “v” bandi bo‘yicha 3 yil ozodlikni cheklash jazosi tayinlangan. Fevral oyidagi sud hukmi bilan tayinlangan jazoning o‘talmay qolgan qismini qisman qo‘shish orqali jazo muddati 3 yil 25 kunga keltirilgan.

Mazkur jinoyat ishi bo‘yicha Yu.A. ham sudlangan bo‘lib, u Jinoyat kodeksining 186-moddasi 1-qismi bilan 1,5 yil muddatga ozodlikni cheklash jazosiga tortilgan. 

“Xotinim kasal”

I.X. sudda aybiga qisman iqror bo‘lgan va xasta turmush o‘rtog‘ini davolatish uchun shu ishga qo‘l urganini aytgan.

“2025 yil avgust oyida hovlimning to‘ridan molxona qurdim. So‘ng Surxondaryoga borib, bir kishidan pulini bo‘lib to‘lash sharti bilan 75 mln so‘mga Ford mashinasini sotib oldim.

Ushbu mashinada Koson va Qamashi tumanlaridagi mol bozorlariga borib, har safar 6-7 ta eshak olib keldim. Keyin ularni so‘yib, go‘shtini Toshkent shahriga qatnovchi haydovchilar bilan kelishgan holda Chorsu bozoriga olib borib, it boquvchi shaxslarga sotib keldim.

Ford mashinasini 2025 yil oxirida sotib yubordim. So‘yilgan eshaklarning teri va ichaklarini Toshkent yo‘lida joylashgan Qo‘ng‘irtog‘ atrofidagi chiqindixonaga olib borib tashladim.

Turmush o‘rtog‘im miya saratoni kasalligiga chalingan. Uni har oy davolatish uchun ko‘p pul kerak bo‘ldi. Shu sababli bu ishlarni qilganman”, degan I.X. ko‘rsatmasida.

U qilmishidan chin ko‘ngildan pushaymonligini aytib, suddan yengillik so‘ragan. 

“Qozog‘istonniki dedi” 

Yu.A. Qarshi tumanidagi molbozorda kalla-pocha va go‘sht sotib kelgan. U sudda tezkor tadbirda topilgan eshak go‘shtini I.X.dan sotib olganini bildirgan.

“O‘sha kuni mol bozoriga chiqqanimda oldindan tanish bo‘lmagan shaxs kelib, “bu go‘sht Qozog‘istonniki, halol go‘sht, 60 ming so‘mdan sotaman”, dedi. Undan avval ham 20-30 kg go‘sht sotib olganim sababli bu safar yangi yil oldi sotishni maqsad qilib, yig‘ib qo‘ygan pulimga kilosini 60 ming so‘mdan 100 kg go‘sht sotib oldim”, degan ayol o‘z ko‘rsatmasida.

U I.X. bilan oldindan jinoiy til biriktirmaganini aytgan. 

“Haftada 2 marta Toshkentda sotib kelardi”

Sudda guvoh sifatida I.X.ning turmush o‘rtog‘i ham so‘ralgan. U o‘z ko‘rsatmasida shunday degan:

“2023 yilda miya saratoni kasalligiga chalinib qoldim. Bundan tashqari, Qarshi shahrida yashovchi qaynotamning ham yurak kasalligi bor. 2024 yil Qarshi tumani G‘ubdin mahallasiga ko‘chib keldik. Turmush o‘rtog‘im meni va qaynotamni davolatish uchun hovliga molxona qurdi. So‘ngra viloyatning turli tumanlaridan eshak olib kelib, shu molxonada so‘ygan holda go‘shtini haftada 2 marta Toshkent shahriga olib borib, sotib kela boshladi. Ularni kimlarga sotayotganini so‘ramaganman”.

Jazo bahsli

JIB Qarshi tuman sudining I.X.ga nisbatan tayinlagan jazosi biroz bahsli.

I.X.ning qilmishi takror sodir etilgani sababli Jinoyat kodeksining 186-moddasi 2-qismi “v” bandi bilan malakalangan. Sud unga ushbu modda bo‘yicha 3 yil ozodlikni cheklash jazosi qo‘llagan.

Jinoyat kodeksiga ko‘ra, ushbu modda uchun BHMning 200 baravaridan 400 baravarigacha miqdorda jarima yoki 3 yildan 5 yilgacha ozodlikni cheklash yoxud 3 yildan 5 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi berilishi nazarda tutilgan. Ammo fevral oyida ayni shunday qilmishi uchun jazoga tortilganiga qaramay, oradan 3 oy o‘tib yana jinoyatga qo‘l urgan sudlanuvchi bu safar ham ochiqda qoldirilgan.

Hukmda keltirilishicha, sud I.X.ga jazo turi va miqdorini belgilashda uning “aybiga iqror va qilmishidan chin ko‘ngildan pushaymonligini, turmush o‘rtog‘i og‘ir kasallikka chalingani, oilaviy ahvolini” jazoni yengillashtiruvchi holatlar deb topgan. Jazoni og‘irlashtiruvchi holatlar esa e’tirof etilmagan, ya’ni topilmagan.

I.X. 3 oy avval ham eshak go‘shti sabab sudlanganida “aybiga iqror va qilmishidan chin ko‘ngildan pushaymon” bo‘lgan. 

Shuningdek, I.X. turmush o‘rtog‘ini davolatish maqsadida pul zarurligi sabab shu ishga qo‘l urganini aytgan. Lekin uning suddagi ko‘rsatmasida “2025 yil 28 dekabr kuni soat 7:00 larda o‘ziga tegishli bo‘lgan Malibu mashinasida Qarshi tumanidagi mol bozoriga yangi yil bayramida so‘yib yeyish uchun qo‘zichoq olgani chiqqani” haqida gap bor. Bu I.X. ayolini davolatish uchun Malibu mashinasini sotib ishlatishdek iqtisodiy imkoniyatga ega bo‘lganini anglatadi.

Biroq u Malibu’sini emas, iste’molga yaroqsiz eshak go‘shtini aldab sotishni afzal bilgan hamda bu orqali odamlar sog‘lig‘i va hayotini xavf ostiga qo‘ygan. 

Hukmning muhim nuqtasi yashirilgan

I.X.ga nisbatan chiqarilgan sud hukmi Oliy sudning interaktiv xizmatlari portalida e’lon qilingan. Ammo uning asosiy qismi negadir yashirib qo‘yilgan.

Eshak so‘yib sotish bilan bog‘liq jinoyat ishlari oldin ham bo‘lgan. Masalan, o‘tgan yili 47 yoshli erkak Toshkent viloyatining Piskent va O‘rta Chirchiq tumanlari hududida mahalliy aholidan 100-200 ming so‘mga eshak sotib olib, go‘shtini Parkentdagi somsapazning o‘g‘liga pullab kelgani uchun sudlangandi. U Jinoyat kodeksining 186-moddasi 2-qismi “b, v” bandlari bo‘yicha aybli deb topilgan. 3 nafar voyaga yetmagan farzandi bo‘lgan, muqaddam sudlanmagan erkakka Jinoyat kodeksining 57-moddasi qo‘llangan holatda 2 yil ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangandi.



Source link

Leave a Reply

Your email address will not be published. Required fields are marked *

Trending

Exit mobile version