Jamiyat

Turkiyada yana bir o‘zbekistonlik ayol o‘ldirilgani taxmin qilinmoqda

Published

on


O‘rmondan topilgan ayol jasadi 36 kundan beri qidiruvda bo‘lgan samarqandlik ayolga tegishli bo‘lishi mumkin. Gumonlanuvchi sifatida ham O‘zbekiston fuqarosi qo‘lga olingan.

Turkiyaning Balikesir viloyatida 46 yoshli samarqandlik Dilafruz Cho‘liyeva 21 yanvar kuni bedarak yo‘qolganidan beri undan hech qanday xabar bo‘lmagan. 2 mart kuni o‘rmon hududidan ayol kishining tanib bo‘lmaydigan holatdagi jasadi topilgani va kiyimlar unga tegishli bo‘lishi mumkinligi taxmini qidiruvdagi o‘zbekistonlik ayol taqdiri yuzasidan xavotirlarni yanada kuchaytirdi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, Dilafruz Cho‘liyeva Turkiyada qonuniy yashash va ishlash ruxsatnomasiga ega bo‘lgan. U Balikesir viloyatining Burhoniya tumanidagi xonadonda ishlagan. 21 yanvar kuni u Edremitdan Burhoniyaga qaytayotib soat 20:00–20:30 atrofida avtobusdan tushgan. Shundan keyin u bilan aloqa uzilgan. 22 yanvar kuni ishga chiqmagan. 23 yanvar kuni ish beruvchilari uni qidirib, politsiyaga xabar berishgan.

Yaqinlari 24 yanvar kuni uning yo‘qolganini bilib, Turkiyadagi O‘zbekiston elchixonasi va konsulxonasiga, shuningdek Tashqi ishlar va Ichki ishlar vazirliklariga murojaat qilishgan.

Politsiya tergovi doirasida Ilyos ismli shaxs gumondor sifatida so‘roq qilingan. Aytilishicha, Cho‘liyevaning telefonidan oxirgi signal ushbu shaxsning uyi atrofida qayd etilgan. U o‘z bayonotida Cho‘liyevani tanishini, ammo u Istanbulga ketganini aytgan.

2 mart kuni Turkiyada o‘rmon hududidan ayol kishining tanib bo‘lmaydigan holatdagi jasadi topilgan. Kiyimlar va ayrim alomatlarga qarab, yaqinlari bu jasad Dilafruz Cho‘liyevaga tegishli bo‘lishi mumkinligini bildirgan.

Hozircha bu ma’lumot rasman tasdiqlanmagan. Biroq hodisa yuzasidan gumonlanuvchi sifatida o‘zbekistonlik fuqarolar qo‘lga olingani xabar qilinmoqda.

Ta’kidlash joiz, so‘nggi oylarda Turkiyada o‘zbek ayollari bilan bog‘liq bir necha fojiali holatlar kuzatilgan. Jumladan, Istanbulda o‘zbekistonlik fuqarolar – Durdona Hakimova va Sayyora Ergashaliyevaning o‘limi jamoatchilikda katta muhokamalarga sabab bo‘lgan edi.

Dilafruz Cho‘liyevaning taqdiri bo‘yicha rasmiy ekspertiza va DNK natijalari kutilmoqda.



Source link

Leave a Reply

Your email address will not be published. Required fields are marked *

Trending

Exit mobile version