Jamiyat
Turkiyada o‘zbekistonlik yana bir ayolning jasadi topildi
Turkiyada topilgan jasad Samarqand viloyatida tug‘ilgan 46 yoshli Dilafruz Cho‘lliyevaga tegishli ekani DNK ekspertizasi orqali tasdiqlandi. Bu haqda Turkiyadagi «O‘zbek xotin-qizlari huquqlarini himoya qilish» jamiyati xabar berdi.
Ekspertizada marhumaning oila a’zolaridan olingan DNK namunalari bilan solishtiruv o‘tkazilgan va natijalar to‘liq mos kelgan.
Jamiyat ma’lumotiga ko‘ra, hozirda marhumaning jasadini yaqinlariga topshirish bilan bog‘liq ma’muriy va huquqiy ishlar rasmiylashtirilmoqda. Jasadni vatanga yuborish jarayoni O‘zbekistonning Istanbul shahridagi Bosh konsulligi tomonidan muvofiqlashtirilmoqda.
«O‘zbek xotin-qizlari huquqlarini himoya qilish» jamiyati bu ish adolatli yakuniga yetishi, aybdor shaxslar aniqlanib, qonun doirasida javobgarlikka tortilishi uchun jarayonni nazoratda ushlab turishini ma’lum qilgan.
Avvalroq Turkiyada ayol kishining tanib bo‘lmas darajadagi jasadi topilgan va uning Dilafruz Cho‘lliyevaga tegishli bo‘lishi mumkinligi haqida xabarlar tarqalgandi. Ushbu qotillikda gumonlanib 4 kishi qo‘lga olingan. Ularning O‘zbekiston fuqarolari ekani aytilgandi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, Dilafruz Cho‘lliyeva Turkiyada qonuniy yashash va ishlash ruxsatnomasiga ega bo‘lgan. U Balikesir viloyatining Burhoniya tumanidagi xonadonda ishlagan. U 21 yanvardan beri qidiruvda bo‘lgan.
Bu so‘nggi vaqtlarda Turkiyada vahshiylarcha o‘ldirilgan uchinchi o‘zbekistonlik ayol bo‘lmoqda. Istanbulda oldinroq o‘zbekistonlik – Durdona Hakimova va Sayyora Ergashaliyeva ham qotillik qurboniga aylangandi. Ularning o‘limi turk jamoatchiligida katta muhokamalarga sabab bo‘lgandi.