Sport

Turkiyada o‘yinlarga pul tikkan mingdan ortiq futbolchi chetlatildi

Published

on


Mojaroga «Galatasaroy», «Beshiktosh» va «Trabzonspor» kabi taniqli klublar futbolchilari ham aralashgan. Chetlatishlar ortidan quyi ligalarning ko‘plab klublari tarkibdagi muammolarga duch keldi, o‘yinlar ikki haftaga to‘xtatildi.

Turkiya futbol federatsiyasi (TFF) totalizator o‘ynagani aniqlangan 1024 nafar futbolchining ism-sharifini rasman e’lon qildi, deb xabar berdi Milliyet.

Turkiya futbol federatsiyasi Yuridik kengashining ma’lum qilishicha, 1024 nafar futbolchi, jumladan, «Galatasaroy»dan Eren Elmali va Metehan Baltaji, «Beshiktosh»dan Najib Uysal va Ersin Destano‘g‘li, «Trabzonspor»dan Boran Buzruk va Solih Malkocho‘g‘li professional ligalarga nisbatan o‘tkazilgan tekshiruvi doirasida totalizator o‘ynagani aniqlangan.

Ta’kidlanishicha, totalizator o‘ynagani aniqlangan futbolchilar ishi intizom kengashiga yuborilgan.

Qayd qilinishicha, minglab futbolchilar chetlatilishi ortidan Turkiyaning ikkinchi va uchinchi divizion klublari tarkibida futbolchilar tanqisligi yuzaga kelgan. Shu sababli o‘yinlar 2 haftaga qoldirilgan.

TFF rasmiy idoralar bilan yozishmalar davom etayotganini va kelgusi javoblarga ko‘ra surishtiruv kengaytirilib, davom ettirilishini ma’lum qildi.

TFF bergan izohga ko‘ra, klublar tarkibdagi yetishmovchiliklarni to‘ldira olishi uchun faqat milliy miqyosda, 2025-2026 yilgi mavsum qishki transfer muddatiga qo‘shimcha 15 kunlik transfer va ro‘yxatdan o‘tish davrini e’tirof etish bo‘yicha FIFA bilan muzokaralar tezkorlik bilan boshlangan.

Avvalroq Turkiyada 17 nafar hakam va ikki futbol klubi prezidenti hibsga olingan, shuningdek, 149 nafar hakam totalizator o‘ynagani uchun chetlatilgandi.



Source link

Leave a Reply

Your email address will not be published. Required fields are marked *

Trending

Exit mobile version