Jamiyat
Turkiyada og‘ir ahvolga tushib qolgan ayol va uning 12 yoshli qizi O‘zbekistonga olib kelindi
O‘zbekistonning Istanbul shahridagi Bosh konsulxonasi va Migratsiya agentligi vakolatxonasi ko‘magida Turkiyada og‘ir ahvolga tushib qolgan fuqaro va uning 12 yoshli qizi vatanga qaytarildi. Oilaga zarur tibbiy va moddiy yordam ko‘rsatildi, hozir ularning davolanish va reabilitatsiya jarayonlari O‘zbekistonda davom etmoqda.
O‘zbekistonning Istanbul shahridagi Bosh konsulxonasi hamda ushbu shahardagi Migratsiya agentligi vakolatxonasi tomonidan ayol va uning qizi vatanga qaytarildi, deb xabar qilmoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Ma’lum qilinishicha, Turkiyada mehnat faoliyati bilan shug‘ullanish maqsadida bo‘lib turgan fuqaro og‘ir kasallikka chalingani sababli murakkab ahvolga tushib qolgan. Shundan so‘ng u yordam so‘rab Bosh konsulxonaga murojaat qilgan. Aniqlanishicha, uning 12 yoshli qizi ham onasi bilan birga bo‘lgan.
Bosh konsullik ularning ahvolini tezda o‘rganib, zarur ko‘makni tashkil etdi. Oilani O‘zbekistonga qaytarish uchun kerakli hujjatlar rasmiylashtirildi va Migratsiya agentligi vakolatxonasi ko‘magida aviachiptalar sotib olindi. Biroq, ayolning oyog‘i singani bois ularning qaytishi ma’lum muddatga kechiktirildi.
Shifokorlar nazorati ostida fuqaroning ahvoli barqarorlashgach, uning oyog‘iga muvaffaqiyatli jarrohlik amaliyoti o‘tkazilib, protez qo‘yildi. Moliyaviy ahvoli og‘ir bo‘lgani, so‘nggi uch oy davomida mehnat faoliyati bilan shug‘ullana olmagani inobatga olinib, oilaga moddiy yordam ko‘rsatildi. Shuningdek, uning qizi ham maxsus yordamga muhtoj ekanligi aniqlandi.
Bosh konsulxonaning tashabbusi bilan “O‘zbekiston madaniyati, birdamlik va hamkorlik jamiyati”, Uzbekistan Airways aviakompaniyasining Turkiyadagi vakilligi hamda turli diaspora tashkilotlari ko‘magida ayol va qiziga zarur yordam ko‘rsatilib, ular vatanga qaytarildi.
Ayni paytda ona-bola O‘zbekistonda davolanmoqda, ularning reabilitatsiya jarayonlari Ijtimoiy himoya milliy agentligi, Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi hamda mahalliy hokimiyat idoralari bilan hamkorlikda davom ettirilmoqda.