Jamiyat
Turkiyada aldanib, og‘ir vaziyatga tushib qolgan samarqandlik ayol O‘zbekistonga qaytarildi
Istanbulda yashovchi erkak ayolga yuqori maoshli ishni va’da qilib, ishchi vizasisiz u yerga olib borgan. Keyinchalik yo‘l xarajatlari uchun qarzdorligini aytib, uning pasportini olib qo‘ygan va og‘ir sharoitlarda ishlashga majburlamoqchi bo‘lgan.
Turkiyada yuqori daromadli ishga aldanib, og‘ir vaziyatga tushib qolgan O‘zbekiston fuqarosiga yordam berildi va u ortga qaytarildi, deb xabar berdi O‘zbekistonning Istanbuldagi Bosh konsulxonasi.
Xabarda aytilishicha, Samarqand viloyatida yashab kelgan va oilaviy nizolardan uzoqlashishni istagan bu ayol Turkiyaga borgan. Ijtimoiy tarmoqlarda o‘zini muvaffaqiyatli tadbirkor sifatida tanishtirgan Istanbulda yashovchi erkak ayolga malaka va til bilish talab qilinmaydigan yuqori maoshli ishni va’da qilib, ishchi vizasisiz u yerga olib borgan. Keyinchalik yo‘l xarajatlari uchun qarzdorligini aytib, uning pasportini olib qo‘ygan va og‘ir sharoitlarda ishlashga majburlamoqchi bo‘lgan.
“Mazkur holat yuzasidan konsulxonaga kelib tushgan murojaat asosida diplomatik vakolatxona hamda Migratsiya agentligining Turkiyadagi vakilligi tomonidan tezkor choralar ko‘rildi. Olib borilgan tadbirlar natijasida fuqaro sog‘-omon holda O‘zbekistonga qaytarildi”, deyiladi xabarda.
Qo‘shimcha qilinishicha. yolg‘on va’dalar berib, uni aldashga uringan shaxsning harakatlari yuzasidan Turkiya huquqni muhofaza qiluvchi idoralariga tegishli ma’lumot taqdim etilgan.