Sport
«Tur de Frans» velopoygasida o‘g‘irlangan velosipedlar Rossiyada sotuvga chiqdi
Ular ikki barobar arzon narxda sotuvga chiqarildi.
Cofidis jamoasi tomonidan «Tur de Frans» musobaqasida foydalanilgan ikkita velosiped Rossiya e’lonlar saytida paydo bo‘ldi. Bu haqda Sport Baza xabar berdi. LOOK brendi velosipedlari fransuz jamoasidan o‘g‘irlanganlar bilan bir xil. Ular 480 ming va 700 ming rublga sotilmoqda (taxminan 5100 va 7500 yevro).
O‘g‘irlik haqida avvalroq Cofidis jamoasi xabar bergan edi. Fransiyaning TF1 telekanali xabariga ko‘ra, velosipedlar Bondyu kommunasidagi mehmonxonadan o‘g‘irlangan. Noma’lum shaxslar yuk mashinasi eshigini buzib, 11 dona velosipedni o‘g‘irlab ketgan. Telekanal ma’lumotlariga ko‘ra, o‘g‘irlangan velosipedlarning har biri taxminan 14 ming yevro turadi. Politsiya surishtiruv ishlarini boshladi va jamoa jinoyatchilarni «mas’uliyatli bo‘lishga» chaqirdi.
Sport Baza jurnalisti bilan bog‘langan sotuvchining ta’kidlashicha, velosipedlar Moskvada. Ularning hujjati yo‘q, chunki uning so‘zlariga ko‘ra, ta’minot norasmiy bo‘lgan. Shu bilan birga, savdo e’lonlari iyun oyi oxiriga to‘g‘ri keladi – Cofidis o‘g‘irlik haqidagi ma’lumotni rasman e’lon qilishdan oldin.
«Tur de Frans» – ko‘pkunlik velosport-shosse musobaqasi bo‘lib, uchta «Grand Tur»dan biri. Fransiyada yuz yildan ortiq vaqtdan beri o‘tkaziladi va dunyodagi eng mashhur va nufuzli velosport poygasi hisoblanadi.