Sport
Transgender sportchilarga Olimpiada ayollar musobaqalarida ishtirok etish taqiqlandi
Xalqaro olimpiya qo‘mitasi (XOQ) «Olimpiya sport turlarida ayollar toifasini himoya qilish bo‘yicha yangi siyosat» doirasida transgenderlarni ayollar musobaqalariga qo‘ymaydi. XOQ biologik jinsni SRY geni uchun bir martalik test yordamida aniqlashni rejalashtirmoqda. Yangi qoidalar 2028 yilda Los-Anjyeles Olimpiadasidan boshlab amal qiladi.
Jinsiy toifasini o‘zgartirgan og‘ir atletikachi Lorel Xabbard
«Olimpiya o‘yinlari va XOQ tomonidan tashkil etiladigan boshqa har qanday musobaqalarda ayollar toifasidagi tadbirlarga, shu jumladan individual va jamoaviy sport turlariga endi faqat SRY (Sex-determining Region Y) geni bo‘yicha bir martalik test asosida aniqlangan biologik ayollar qo‘yiladi», deyiladi XOQ bayonotida. Bu haqda BBC xabar berdi.
XOQ ilmiy tadqiqotlarga asoslanib, SRY geni mavjudligini sportchining erkak jinsiy rivojlanishini boshdan kechirganligi dalili deb hisoblaydi. Ushbu genni so‘lak yoki qon namunasi yordamida tekshirish mumkin, deyiladi qo‘mita bayonotida.
Agar test salbiy natija ko‘rsatsa, sportchi ayollar musobaqalarida qatnashish huquqini umrbod qo‘lga kiritadi. XOQ bir nechta istisnolarga yo‘l qo‘yadi, masalan, agar sportchida androgenlarga to‘liq sezuvchanlik sindromi tashxisi qo‘yilgan bo‘lsa.
Testdan ijobiy natija olgan sportchilar boshqa toifalarga kiritiladi: erkaklar, aralash (lekin ular faqat erkaklar sifatida chiqishi mumkin) va jinsi bo‘yicha tasniflanmaydigan sportchilar.
Yangi qoidalar 2028 yilda Los-Anjyelesda (AQSh) bo‘lib o‘tadigan Olimpiadadan boshlab amal qiladi. Ko‘ngilochar va ommaviy tadbirlarga tatbiq etilmaydi.
AQShda 2025 yil fevral oyidan boshlab transgender sportchilarning ayollar musobaqalarida ishtirok etishi taqiqlandi. Bu Donald Trampning XOQ darajasida ham taqiqqa erishishga va’da bergan birinchi farmonlaridan biri edi.
XOQ fikricha, transgender sportchilarning ayollar musobaqalarida ishtirok etishini taqiqlash «ayollar toifasida adolat, xavfsizlik va halollikni himoya qiladi».
XOQ ichidagi maxsus ishchi guruh ilmiy tadqiqotlarni o‘rganib chiqib, «erkak jinsi kuch, quvvat yoki chidamlilik muhim bo‘lgan barcha musobaqalar va tadbirlarda ustunlik beradi», degan «yakdil xulosaga» keldi. Bundan tashqari, guruh qaror qabul qilishda sportchilarning o‘zi bilan ham onlayn, ham kengaytirilgan intervyular doirasida so‘rov o‘tkazdi.
Endi yangi qoidalarni alohida sport federatsiyalari va milliy olimpiya qo‘mitalari qabul qilishi kerak.
Olimpiadada transgenderlar ko‘pmi?
Associated Press nashriga ko‘ra, qancha transgender ayol Olimpiada darajasidagi sport musobaqalarida ishtirok etgani aniq emas. Parij-2024 Olimpiadasida tug‘ilganida jinsi erkak deb belgilangan birorta transgender sportchi yo‘q edi.
2021 yilda Tokioda bo‘lib o‘tgan musobaqada 35 yoshida jinsiy toifasini o‘zgartirgan yangi zelandiyalik og‘ir atletikachi Lorel Xabbard ishtirok etdi. U medal qo‘lga kirita olmadi.
Olimpiya darajasidagi sportchilar soni kam bo‘lishiga qaramay, ularni ayollar musobaqalariga qo‘yish masalasi bir necha yillardan beri qizg‘in bahslarga sabab bo‘lmoqda.
XOQ yondashuvi tarafdorlarining fikricha, genetik test eng adolatli yechimdir (ba’zi federatsiyalarda qabul qilingan testosteron testidan farqli o‘laroq). Muxoliflarning fikricha, hatto bunday sinov ham noto‘g‘ri natijalar xavfi yuqori bo‘lgan invaziv protseduradir.
Yaqinda British Journal of Spors Medicine jurnalida bir guruh olimlar jinsiy mansublikni tekshirishni «orqaga qadam tashlash va zararli anaxronizm» deb atadi. Ularning fikricha, majburiy test o‘tkazish inson huquqlarini buzadi va sportchilarni stigmatizatsiya qilishi, shuningdek, psixologik muammolarga olib kelishi mumkin.
XOQ 1980-yillarda allaqachon SRY geni testini qo‘llagan, ammo noto‘g‘ri ijobiy natijalar tufayli 1990-yillarda undan voz kechgan edi.