Sport
Trampning vakili Eron o‘rniga Italiyani mundialga tiqishtirishga urinmoqda
Donald Trampning maxsus vakili Paolo Zampolli JCh-2026da Eron o‘rniga Italiya terma jamoasini ishtirokchilar safiga qo‘shishni so‘rab FIFAga murojaat qildi. Bu haqda Financial Times nashri xabar berdi.
Bu xabarni tasdiqlagan Zampolli nashrga bergan intervyusida Janni Infantinoga shaxsan murojaat qilganini bildirdi: «Men asli italiyalikman, «Skuadra Adzurra»ni AQShdagi turnirda ko‘rish — mening orzuim».
Zampolli o‘z taklifini Italiyaning to‘rt karra jahon chempioni ekani va mundialga yo‘llanma ololmagan jamoalar ichida FIFA reytingida eng yuqori o‘rinda turgani bilan asoslamoqda.
Biroq Eron terma jamoasi yaqinda bayonot berib, turnirga qat’iy tayyorgarlik ko‘rayotganini ma’lum qildi. Hozirda Eronga nisbatan hech qanday rasmiy chetlatish choralari yo‘q. Eronliklar xavfsizlik nuqtai nazaridan o‘z o‘yinlarini Kanada yoki Meksikaga ko‘chirishni so‘rashgan edi, ammo FIFA bu so‘rovni rad etdi.
Agar Eron musobaqada qatnashishdan bosh tortsa, FIFA nizomlari boshqaruv organiga «istisno huquqi» asosida qaror qabul qilish imkonini beradi. Hozircha tashkilot Zampollining lobbichilik harakatlari yuzasidan izoh bermadi. Avvalroq Infantino Eron terma jamoasini qo‘llab-quvvatlab, ular turnirda albatta ishtirok etishi shartligini ta’kidlagan edi.
Manbalarga ko‘ra, Zampollining bu tashabbusi orasidan «ola mushuk o‘tgan» Tramp va Italiya bosh vaziri Jorja Melonini yarashtirishga urinish bo‘lishi mumkin. Aytish joizki, AQSh prezidenti va Meloni o‘rtasidagi munosabatlar Eron atrofidagi vaziyat hamda boshqa siyosiy ixtiloflar sababli sovuqlashgan edi.
Hatto Kreml targ‘ibotchisi Vladimir Solovyov ham Melonini Trampga «xiyonat» qilishda ayblab, haqorat qilganidan so‘ng, Rossiya elchisi Italiya TIVga chaqirilib, unga norozilik bildirilgandi.