Iqtisodiyot
Trampning neft narxini qulatgan bayonoti arafasida birjada shubhali bitimlar amalga oshirildi
Neft treyderlari AQSh prezidenti Donald Tramp Eron bilan «samarali muzokaralar» haqidagi postni e’lon qilishidan 15 daqiqa oldin bir necha yuz million dollarlik shubhali bitimlarni amalga oshirdi, keyin esa narxlar keskin tushib ketdi, deb yozadi Financial Times.
Trampning posti Vashington vaqti bilan soat 07:04 da paydo bo‘ldi, soat 6:49 va 6:50 oralig‘ida esa Nyu York birjasida Brent va WTI nefti savdosi bo‘yicha umumiy qiymati qariyb 580 million dollarga teng bo‘lgan 6200 dan ortiq fyuchers bitimlari tuzilgan. Tramp AQSh Eron elektr stansiyalariga zarbalarni besh kunga kechiktirishi haqida e’lon qilganidan keyin esa neft narxi quladi, fond indekslari ko‘tarila boshladi. Qayd etilishicha, birjadagi bunday vaziyat ko‘p davom etmagan – Eron tomoni hech qanday muzokaralar o‘tkazilmayotgani haqidagi ma’lum qilgach, indekslar pasayib, neft fyucherslari narxi ko‘tarilgan.
Ayni vaqtda Trampning bayonoti arafasida tuzilgan neft fyucherslari bo‘yicha kelishuvlar muvofiqlashtirilgani yoki yo‘qligi aniq emas. Biroq, birja tahlilchilaridan biri ta’kidlaganidek, tanlangan vaqt «savollar tug‘diradi». «Kimdir hozirgina ancha boyib oldi», – deya izoh beradi nashrning boshqa bir suhbatdoshi.
Oq uydagilar esa «prezident Tramp va uning ma’muriyati mulozimlarining yagona maqsadi – Amerika xalqi uchun eng yaxshisini qilish» ekanini ta’kidlab, insayderlik ma’lumotlari sizib chiqishi haqidagi gumonlarni rad etmoqda.
«Oq uy ma’muriyatning biror-bir amaldori insayder ma’lumotlaridan noqonuniy ravishda foyda olishiga yo‘l qo‘ymaydi va amaldorlar bunday faoliyat bilan dalillarsiz shug‘ullanayotgani haqidagi har qanday ishoralar asossiz xabarlardir», – degan Oq uy matbuot kotibi o‘rinbosari Kush Desai.