Dunyodan
Tramp ma’muriyati Grenlandiyani qurolli bosib olish rejalarini ishlab chiqmoqda – OAV
AQSh prezidenti Donald Tramp mamlakat harbiy tuzilmalariga Grenlandiyani harbiy yo‘l bilan bosib olish ehtimoli bo‘yicha rejalar tayyorlash vazifasini topshirdi. Bu haqda The Mail on Sunday diplomatik manbalarga tayanib xabar berdi.
Nashrning yozishicha, prezident Tramp AQSh armiyasining maxsus operatsiyalar bo‘limi bo‘lgan Qo‘shma maxsus operatsiyalar qo‘mondonligiga ehtimoliy harbiy stsenariylarni ishlab chiqish vazifasini topshirgan. Prezident avvalroq Grenlandiya bo‘yicha kelishuvga erishmoqchi ekanligini, biroq buning iloji bo‘lmasa, “qiyin yo‘l”dan borishga tayyorligini aytgan edi.
Shu bilan birga, AQSh harbiy rahbariyati prezident Trampning g‘oyasini qo‘llab-quvvatlamayotgani ma’lum qilingan. Nashr manbalariga ko‘ra, ba’zi amerikalik generallar Grenlandiyani kuch bilan bosib olish bo‘yicha har qanday rejani aqlga sig‘dirib bo‘lmaydigan va xalqaro huquqqa zid deb hisoblaydi. Diplomatik doiralarning aytishicha, bunday yondashuv NATO ichida jiddiy inqirozga olib kelishi mumkin.
The Mail on Sunday kungi manbalarining ta’kidlashicha, harbiylar bu masalani eng yomon stsenariy sifatida belgilashga va prezidentning e’tiborini boshqa muhim harbiy va siyosiy masalalarga qaratishga harakat qilmoqda.
Daniya hukumati Grenlandiya maqomi masalasida o‘z pozitsiyasini yana bir bor tasdiqladi. Daniya Bosh vaziri Mette Frederiksen Grenlandiya savdo maqsadi emasligini va uning kelajagi faqat grenlandiyaliklar qarorlari bilan belgilanishini bir necha bor ta’kidlagan. Unga ko‘ra, Grenlandiya Daniya Qirolligi tarkibidagi avtonom viloyat hisoblanadi.
Eslatib o’tamiz, so’nggi oylarda Grenlandiya masalasi AQSh, Daniya va NATO davlatlari o’rtasidagi siyosiy bahslar markazida bo’lib kelmoqda.