Iqtisodiyot
Tovarlarni erkin muomalaga chiqarish tartibiga yangi mexanizm joriy etildi
Hukumatning 2026-yil 24-iyundagi 324-son qarori bilan O‘zbekistondan tashqarida mahsulotlarga rasmiylashtirilgan ayrim ruxsat berish xususiyatiga ega va muvofiqlikni tasdiqlovchi hujjatlar asosida vakolatli organlarning elektron tasdig‘ini olish tartibi tasdiqlandi.
Nizomga muvofiq, ariza beruvchi elektron tasdiqni olish uchun tegishli ruxsat berish xususiyatiga ega va muvofiqlikni tasdiqlovchi hujjatlarni ilova qilgan holda bojxona organiga ariza taqdim etadi.
Arizada tranzit deklaratsiyasi raqami, tovarning nomi va TIF TN kodi, ishlab chiqaruvchining nomi, mahsulot ishlab chiqarilgan davlat, hujjat rekvizitlari hamda qonunchilikda nazarda tutilgan boshqa ma’lumotlar ko‘rsatilishi lozim.
Bojxona organlari mahsulotlarni rasmiylashtirishda vakolatli organ axborot tizimi orqali yuborgan elektron qarorlarga asoslanadi.
Yangi nizom tovarlarni erkin muomalaga chiqarishda xorijda berilgan ayrim hujjatlarning haqiqiyligini elektron tarzda tasdiqlashning yagona tartibini belgilaydi.
Qaror tashqi savdo ishtirokchilari uchun davlat organlari o‘rtasidagi axborot almashinuvini tizimlashtirish, bojxona rasmiylashtiruvini yanada shaffof va tezkor tashkil etishga qaratilgan navbatdagi qadam sifatida baholanmoqda.