Iqtisodiyot
“Tovarlaringizga bozorimizda ehtiyoj katta”– Iroq tadbirkorlari O‘zbekiston mahsulotlari bilan tanishmoqda
Iroq deyarli barcha turdagi tayyor mahsulotlarni: oziq-ovqatdan tortib, murakkab qurilish materiallarigacha bo‘lgan tovarlarni import hisobiga qoplaydi. Bu esa “Made in Uzbekistan” brendi ostidagi mahsulotlar uchun tayyor va keng qamrovli bozorni anglatadi.
Ikki davlat o‘rtasidagi savdo aloqalarini mustahlamlash, yangi hamkorlik shartnomalarini imzolash maqsadida ayni kunlarda Savdo-sanoat palatasi ko‘magida O‘zbekiston-Iroq biznes kunlari bo‘lib o‘tyapti. 150 dan ortiq iroqlik tadbirkorlar mamlakatimizga kelgan. Ularga mahalliy ishlab chiqarish zonalari va milliy mahsulotlar tanishtirilyapti.
“Taxminan 20 kun oldin, 23 dekabr sanasida Bag‘dodda Iroq-O‘zbekiston biznes va investitsiya forumi o‘tkazilgandi. Endi esa biz O‘zbekiston tomonining taklifi bilan O‘zbekiston-Iroq biznes forumi doirasida Toshkent, Samarqanddagi bir nechta fabrikalar faoliyati bilan tanishyapmiz. Umid qilamizki, ushbu uchrashuvlardan keyin yangi hamkorlik shartnomalarini imzolaymiz”, — deydi Iroq Iqtisod palatasi raisi Ibrohim Madlul Ovayd Masudi.
Iroqlik ishbilarmonlar delegatsiyasi tanishuv dasturini alyuminiy va oyna romlar, shuningdek, fasad yechimlari ishlab chiqarish zavodiga tashrif buyurishdan boshladi. Korxona hududida tashkil etilgan ko‘rgazmada 25 ta kompaniya o‘z mahsulotlarini namoyish etdi.
“Iroq hozir rivojlanish bosqichida. Qurilish ishlari davom etmoqda. Bizga dizayn yechimlari va turli xil qurilish materiallari kerak. Bilasiz, qariyb 40 yil davom etgan urush va beqarorlikdan keyin import tovarlarga ehtiyojimiz juda katta. Ayni kunlarda hamkorlik to‘g‘risida kelishuv imzolashni rejalashtiryapmiz. Shu orqali ikki davlat tadbirkorlari va ishbilarmon ayollari o‘rtasida mustahkam hamkorlik, ishonchli biznes aloqalarini yo‘lga qo‘yishni maqsad qilganmiz”, – deydi, Iroq Ishbilarmon ayollar kengashi raisasi Shada Zuayri.
Ta’kidlash joiz, ushbu mamlakatning yirik aholisi va yuqori iste’mol talabi O‘zbekiston mahsulotlari uchun katta bozorni anglatadi. Ayniqsa, qishloq xo‘jaligi, oziq-ovqat va qurilish materiallari kabi tayyor va yarim tayyor mahsulotlar sohalarida eksport qilish imkoniyati mavjud.
“O‘zbekistonda ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar toza ya’ni, e’tiborimizni zavod-fabrikalardagi tartib hamda ozodalik, ish jarayonidagi aniqlik tortdi. Hamkorlik aloqasini yo‘lga qo‘yish bizga kerak va qiziq. Biroq transport masalasi ya’ni masofa uzoqligi hozirda bizni eng ko‘p qiynayotgan muammolardan biri bo‘lib turibdi”, – deydi Bag‘dod sarmoyaviy boshqarmasi vakili Ali al-Vali.
Press-tur doirasida ishbilarmon doira vakillari elektrotexnika, qurilish materiallari, mebel, farmatsevtika va oziq-ovqat sanoati sohalariga oid korxonalar faoliyati va ko‘rgazmalar bilan ham tanishishdi.