Jamiyat
Toshkentning asosiy ko‘chalarida agrotexnik tadbirlar olib borilmoqda
Toshkent shahar hokimligi huzuridagi tegishli obodonlashtirish xizmatlari mutaxassislari poytaxtning asosiy ko‘chalari bo‘ylab daraxtlarni parvarishlash, sanitar kesish ishlari va zararkunandalarga qarshi ishlov berish tadbirlarini amalga oshirmoqda.
Foto: Toshkent shahar hokimligi
Toshkent shahar hokimligi huzuridagi Alohida ahamiyatga ega ko‘chalarni obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish boshqarmasi hamda Toshkent shahar Obodonlashtirish bosh boshqarmasi mutaxassislari va ishchi xodimlari tomonidan poytaxtning asosiy ko‘chalari bo‘ylab reja asosida agrotexnik tadbirlar amalga oshirilmoqda.
Tadbirlar doirasida ko‘p yillik daraxtlarda sanitar ishlov berish, qurigan va xavf tug‘diruvchi shoxlarni kesish ishlari olib borilmoqda. Kesilgan daraxt shoxlari maxsus maydalovchi texnikalar yordamida qayta ishlanib, tuproq unumdorligini oshirish va namlikni saqlash maqsadida yangi ko‘chatlar va butalarning ildiz bo‘g‘izlariga solinmoqda.
Shuningdek, daraxtlarga ziyon yetkazuvchi zararkunandalarga qarshi maxsus preparatlar bilan ishlov berish ishlari ham amalga oshirilmoqda.
Ma’lum qilinishicha, mazkur agrotexnik tadbirlar shahar ko‘kalamzorligini asrash, daraxtlarning sog‘lom o‘sishini ta’minlash hamda poytaxt ekologik holatini yanada yaxshilashga qaratilgan.