Jamiyat
Toshkentdan bir kunda 500 mingdan ortiq avtomobil chiqib ketdi
Bayram arafasida Toshkent shahrida yo‘l tarmog‘iga katta yuklama tushdi – 19 mart kuni atigi 11 soat ichida poytaxtdan 500 mingdan ortiq transport vositasi chiqib ketgan.
Toshkent shahar IIBB Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi ma’lumotiga ko‘ra, 19 mart kuni soat 09:00 dan 20:00 gacha bo‘lgan vaqt oralig‘ida 500 mingdan ortiq avtomobil poytaxt hududini tark etgan.
Ma’lum qilinishicha, bunday yuqori transport oqimi Ramazon hayiti bayrami va dam olish kunlari munosabati bilan aholining ommaviy ravishda shahardan chiqib ketishi bilan bog‘liq.
Shahardagi yo‘l harakati holati Yagona tezkor boshqaruv markazi orqali sutka davomida nazorat qilinmoqda. Mutaxassislar videokuzatuv tizimlari yordamida ko‘chalar, asosiy magistrallar hamda chiqish postlaridagi vaziyatni real vaqt rejimida kuzatib bormoqda.
Bayram kunlari ayrim hududlarda qisqa muddatli tirbandliklar kuzatilgan. Yo‘l harakatini tartibga solish va tirbandliklarning oldini olish maqsadida ichki ishlar organlarining qo‘shimcha kuch va vositalari jalb etilgan.
YHXB xodimlari haydovchilarni yo‘l harakati qoidalariga qat’iy rioya qilishga chaqirmoqda. Ayniqsa, shaharlararo yo‘llarda harakat jadalligi yuqori bo‘lgani sababli masofani saqlash va tezlik rejimini buzmaslik tavsiya etilmoqda.