Jamiyat
Toshkentdagi xususiy klinikada vafot etgan 9 yoshli bola ishida ikki shifokor qamaldi
2025 yil avgustida «Paeonnis» klinikasida 9 yoshli bola burun sohasida o‘tkazilgan rinoplastika jarrohlik amaliyoti paytida vafot etgan edi. Sud anesteziolog va lor-shifokorni kasb vazifalarini zarur darajada bajarmaganlikda aybdor deb topdi.
Toshkent shahridagi «Paeonnis» xususiy klinikasida burun operatsiyasi vaqtida vafot etgan 9 yoshli bola ishi bo‘yicha sud hukmi e’lon qilindi. Voqea 2025 yil 25 avgustida sodir bo‘lgan. Bolaning burnida adenoid aniqlangan va klinika shifokorlari uni jarrohlik yo‘li bilan olishni tavsiya qilgan.
Oliy sud axborot xizmatining Kun.uz’ga xabar berishicha, 12 mart kuni Jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent shahar Mirzo Ulug‘bek tuman sudida bolaning o‘limiga oid jinoyat ishi ko‘rib chiqilgan.
Sud qaroriga ko‘ra, «Paeonnis» xususiy klinikasida ishlagan anesteziolog-reanimatolog hamda lor-shifokor Jinoyat kodeksining 116-moddasi 3-qismi (kasb vazifalarini lozim darajada bajarmaslik) bilan aybdor deb topilgan. Ularga 4 yil ozodlikdan mahrum qilish, 3 yil davomida jarrohlik amaliyotida ishtirok etish huquqidan mahrum qilish jazosi qo‘llangan.
Sud hukmiga ko‘ra, jazo manzil koloniyalarda o‘taladi. Sudlanuvchilarga nisbatan qo‘llangan uy qamog‘i ehtiyot chorasi bekor qilinib, ular sud zalidan qamoqqa olingan.
Avvalroq Toshkentdagi xususiy klinikalardan birida 31 yoshli yigit ham burun operatsiyasidan keyin vafot etgandi.