Jamiyat
Toshkentdagi “Kislorod” majmuasidagi qo‘shimcha qurilishdan qo‘shnilar norozi
Yakkasaroy tumanidagi “Kislorod” turar joy majmuasi tomida qo‘shimcha qurilma uchun Yakkasaroy tuman Arxitektura va shaharsozlik kengashining xulosasi olingan. Uyda yashovchilar bu qurilishdan norozi. Mulkdorlarning tomdagi tortishuvi sudgacha borgan.
Toshkent shahrining Bo‘rijar ko‘chasida joylashgan “Kislorod” turar joy majmuasida yashovchi fuqarolar binoning tom qismida olib borilayotgan qo‘shimcha qurilish ishlaridan norozi bo‘lib Kun.uz’ga murojaat qilishdi.
«16-qavatdagi 139-xonadon egalari umumiy foydalanish mulkini, tomni o‘zlartirib, uyiga qo‘shib, uyining davomini qilib quryapti. Bu masalani necha marta majlislarga olib chiqqan, doim rad javobini olgan. Quruvchi kompaniya – Murad Buildings bu to‘g‘risida rasmiy xat bergan. Ya’ni tomga hech qanaqa qurilish mumkin emas degan. Bu qo‘shni hamma hujjatlari borligini aytgan. Lekin bu qurilishga ruxsatnoma olish uchun kamida 51 foiz mulkdorlarning ruxsati kerak. Bu to‘g‘risida hech qanday ovoz berish, majlis o‘tkazilmagan va bizdan rozilik olinmagan. Hamma qo‘shnilar nomidan gapiryapman”, – deydi majmuada istiqomat qiladigan Dildora Norqulova.
Aholiga ko‘ra, bu qurilish amalga oshirilsa binoning yong‘in xavfsizligi qismiga putur yetishi mumkin. Qurilish ishlari 24 soat rejimda, kechasi 22:00 dan boshlab ertalabgacha davom etgan paytlar ham bo‘lgani aytildi.
«Ventilyatsiya, livniklar (qor-yomg‘ir suvlarini chiqarish tizimi), yuqori kuchlanishli shitlar kabi barcha muhandislik tizimi tomda joylashgan. 19 fevralda Yakkasaroy tumani qurilish inspeksiyasidan vakil kelib qurilish ishlarini olib borayotgan brigada bilan akt tuzishgan: qurilish ishlari to‘xtatilishi, tom o‘z holiga qaytarilishi haqida. Tomda ochilgan eshik bekitildi. Ular tasdiqlovchi hujjatlarni bermaguncha ish boshlanmasligi haqida akt bor, 3 tomonlama imzo qo‘yilgan. Lekin 13 martdan boshlab boshqaruv kompaniyasidan, aholidan roziliklarsiz ishni boshlab yuborishdi. Qo‘riqlovchilar ularning texnikasini ushlab qololmadi», – deya ta’kidladi yana bir fuqaro.
Murojaatchilar tomdagi bu qurilishning aholiga xavfi katta ekanligini, ular quyosh panellari o‘rnatmoqchi ekanliklarini, ammo bu shaxs tom qismini o‘rab olayotganini ma’lum qilishdi.
Ayni paytda majmua aholisi tahririyatga taqdim etgan hujjatlarga ko‘ra, uy tomida qurilish taqiqlangan. Ammo mulkdor nomidan qurilish ishlarini olib borayotgan o‘zini Hojiakbar Ergashev deb tanishtirgan shaxs buni amalga oshirish uchun biror rasmiy hujjat taqdim etmadi. U hujjatlarni rasmiylashtirish boshqaruv kompaniyasi bir necha bor almashgani va ayrim davrlarda mas’ul direktor bo‘lmagani sababli jarayon to‘liq yakuniga yetmagani bilan izohladi.
“Kislorod” turar-joy majmuasi aholisi qurilishni to‘xtatishni so‘rab qurilishda nazorat inspeksiyasining Toshkent shahar hududiy boshqarmasiga murojaat qilgan. Ammo natija bo‘lmagan.
Ma’lum bo‘lishicha, qurilish uchun Yakkasaroy tumani Arxitektura va shaharsozlik kengashi ishchi organining 15.12.2025 yildagi loyiha xulosasi olingan. Boshqaruv kompaniyasi ayni paytda ushbu xulosani haqiqiy emas deb topishni so‘rab sudga ariza kiritgan.