Jamiyat
Toshkentdagi barcha qurilish obektlari uchun yangi talablar joriy etiladi
Poytaxtdagi qurilish maydonlarida ekologik holatni yaxshilash, xavfsizlikni ta’minlash va qurilish jarayonlarini samarali nazorat qilish maqsadida yangi standartlar joriy etiladi. Yangi talablar Toshkentdagi qariyb 1700 ta qurilish obektini qamrab oladi.
Toshkent shahar hokimining «Axborot, hisobot, muloqot» shaklidagi uchrashuvi doirasida qurilish obektlarida ekologik normalarni joriy etish va maydonlarni yagona tartib asosida tashkil etishga qaratilgan yangi loyiha taqdim etildi.
Loyihaga ko‘ra, qurilish obektlari tashqi tomondan maxsus to‘siqlar bilan o‘raladi. Shuningdek, obekt pasporti o‘rnatilib, unda qurilish haqidagi barcha zarur ma’lumotlar joylashtiriladi. Piyodalar xavfsizligi uchun himoya soyabonlari tashkil etish ham majburiy talablardan biri bo‘ladi.
Qurilish maydonlari atrofida mikroiqlim yaratish tizimlari, suv purkagich va dozatorlar o‘rnatish rejalashtirilgan. Bu choralar havoga tarqaladigan chang miqdorini kamaytirishga xizmat qiladi.
Qurilish jarayonlarini doimiy kuzatib borish maqsadida videokuzatuv kameralari o‘rnatiladi va ular Qurilish nazorati inspeksiyasining yagona tizimiga integratsiya qilinadi. Bundan tashqari, ekologik datchiklar, tungi kuzatuv vositalari, artezian quduqlari, avtomobillarni yuvish maydonchalari hamda avtomatik elektr hisoblagichlari joriy etiladi.
Shuningdek, qurilish texnikalarining shahar ko‘chalariga toza holda chiqishini ta’minlash ham asosiy talablardan biri sifatida belgilanmoqda.
Ma’lum qilinishicha, poytaxtdagi 1700 ga yaqin qurilish obektini yangi talablarga moslashtirish uchun qurilish tashkilotlariga muayyan muddat beriladi.
Uchrashuv davomida aholi va mutaxassislarning takliflari ham muhokama qilindi. Toshkent shahar hokimi loyihani takomillashtirish bo‘yicha konstruktiv takliflar inobatga olinishini ta’kidladi.