Jamiyat

Toshkentda zaryadga qo‘yilgan elektromobil nega yonib ketgandi?

Published

on


Elektromobillar – yangi avlod mashinalari qulay, tejamkor, ekologik jihatdan ancha zararsiz, lekin ularga texnik xizmat ko‘rsatishda nozik jihatlar bor. Shu yil bahorda Toshkent markazida qimmatbaho Zeekr 001 avtomobili yonib ketgandi. Kun.uz voqea tafsilotlarini o‘rgandi. Ma’lum bo‘lishicha, bu holat – elektromobil haydovchilari va servis mutaxassislari ehtiyot bo‘lishi lozim bo‘lgan bir nuqtani yuzaga chiqaradi.

Xo‘sh, 50 ming dollarlik qimmatbaho avtomobilning yaroqsiz holga kelib qolishiga nima sabab bo‘lgandi?

{Yii::t(}

O’tkazib yuborish 6s

O’tkazib yuborish

Voqea xronologiyasi

Ish hujjatlarida ko‘rsatilishicha, 10 aprel kuni tungi 01:44 da Xotambek Mirzayev o‘ziga tegishli Zeekr 001 avtomobilini quvvatlash uchun “Xalqlar do‘stligi” san’at saroyining yonidagi avtoturargohda joylashgan Tok Bor brendiga tegishli stansiyaga keladi. 01:46 da zaryadlash uchun start tugmasi bosiladi. Bu paytda elektromobilning quvvati 7 foiz bo‘lgan. Mirzayev mashinasini qoldirib, uyiga ketadi. Soat 03:51 da stansiya elektromobilga quvvat berishni to‘xtatadi va sessiya yakunlanadi. O‘sha paytda mashinadan tutun chiqishi yoki nosozlik alomatlari kuzatilmagan.

Oradan 3 soatga yaqin vaqt o‘tgach, 7:30 lar atrofida elektromobilning old qismidan tutun chiqishi kuzatilgan va mashina yona boshlaydi. Baxtsiz hodisani ko‘rgan atrofdagi odamlar Favqulodda vaziyatlar vazirligiga xabar beradi.

FVB xulosasi

Chilonzor tuman Favqulodda vaziyatlar bo‘limi ma’lumotiga ko‘ra, mashinadagi alangani o‘chirish 07:38 da boshlangan va 08:28 da tugatilgan. Jarayon 50 daqiqa davom etgan.

Ma’lumot uchun, elektromobil akkumulyatorining (ayniqsa litiy-ion batareyalarning) yonishi juda qiyin o‘chiriladi. Bunga bir nechta texnik va kimyoviy sabablar bor. Xususan, qizigan element ichida kimyoviy reaksiyalar boshlanib ketadi va haroratni yanada oshiradi. Bu harorat qo‘shni elementga o‘tadi, u ham qizib portlaydi. Natijada zanjirli reaksiya – o‘z-o‘zini kuchaytiradigan jarayon yuzaga keladi. O‘tni o‘chirgan taqdirda ham, ichkaridagi elementlar qayta-qayta yonishda davom etadi.

Shuningdek, akkumulyator modullari alyuminiy yoki kompozit qutilarda joylashgan bo‘ladi. Bu qutilar issiqlikni ichkaridan tashqariga chiqarmaydi, shu sabab ichkaridagi elementlar uzoq vaqt qizib turadi, tashqi tomondan o‘t o‘chirilgandek tuyulsa ham, ichkarida harorat 300–800°S bo‘lib qoladi. Natijada yong‘in yana “qayta tirilaveradi”. Ya’ni oddiy suv o‘tni tez o‘chiradi, lekin batareyaning o‘zini sovita olmaydi.

Chilonzor tuman FVB izohida keltirilishicha, yong‘indan avtomobil batareyasi va old kapot ichki qismi zarar ko‘rgan, dvigatel qismida joylashgan barcha ehtiyot qismlar ishdan chiqqan.

Holatga sabab bo‘lgan omillarni batafsil o‘rganish uchun yong‘in-texnikaviy ekspertizasini tayinlash belgilangan. FVB yong‘in holatida jinoyat alomatlari yo‘qligini bildirgan.

2 oy oldingi ta’mirlash

Bu keysning muhim jihatlaridan biri – mashinani ta’mirlatish bilan bog‘liq. 2025 yil 25 yanvar kuni Zeekr’ning egasi Hotambek Mirzayev avtomobilini “EGO-Motors” MChJga tegishli “Voyah Service Center”ga olib boradi. Bunga avtomobilning quvvati 50 foizdan pasayganda birdaniga 0 foizga tushib ketayotgani sabab bo‘ladi.

“Avtomobil batareykasini diagnostika qilganimizda haydovchi o‘rindig‘ining tagidagi bir hujrasi 3,73 v’ga tushib ketgani, qolgan hujralar 4 v ekanini ko‘rdik. 7 fevral kuni batereykadagi disbalans bo‘lgan 3,73 hujrani 4 v’ga balans qilib, 9 fevral kunigacha 2 kun tekshirib test qildik. Mashina taxminan 17:50 larda egasiga taqdim etildi”, deyiladi xizmat ko‘rsatish markazining rasmiy izohida.

Servis markazining izohida aytilishicha, markaz xodimlari Zeekr’ning bu holatga kelishiga doimiy ravishda Fast DC charger, ya’ni yuqori quvvatdagi zaryadlash moslamalaridan foydalanish sabab bo‘lganini Hotambek Mirzayevga tushuntirishgan; bundan keyin mashinani 7 kW AC o‘zgaruvchan sekin zaryadlash stansiyasida quvvatlash kerakligini aytib, ogohlantirishgan.

Ekspertiza xulosasi

2025 yil 12 avgust kuni jabrlanuvchi Hotambek Mirzayev Xadicha Sulaymonova nomidagi Respublika sud ekspertiza markaziga murojaat qiladi. Uning arizasiga muvofiq, ekspert ishni “Taqdim qilingan elektr o‘tkazgichlarda qisqa tutashuv alomatlari mavjudmi?” hamda “Ushbu yong‘inning kelib chiqishiga avtomobilning litiy-ion batareyasi yacheykalarini almashtirishning aloqasi bo‘lganmi?” degan savollar yuzasidan ko‘rib chiqadi.

Ekspert xulosasiga ko‘ra, yong‘in sodir bo‘lgan avtomobildan olingan elektr o‘tkazgichlarda qisqa tutashuvga xos alomatlar topilmagan. Chilonzor TETK boshlig‘ining ma’lumotnomasida ham 2025 yilning 10 aprel kuni soat 00:00 dan 08:00 gacha yong‘in sodir bo‘lgan hududdagi transformator punktlarida avariyaviy holatlar, tarmoqda kuchlanish ortib ketishi kuzatilmagani keltirilgan.

Avtomobil 2022 yil 14 iyun kuni ishlab chiqarilgani, yong‘in sodir bo‘lgunga qadar qariyb 3 yil foydalanilgani hisobga olinib, baxtsiz hodisaning yuz berishida ishlab chiqarishdagi nuqsonlarning aloqasi yo‘qligi qayd etilgan. Bundan tashqari, Zeekr’ning qo‘llanmasida elektromobilni Fast DC charger’da zaryadlashga taqiq qo‘yilmagan.

“Har qanday litiy-ion batareyada professional moslashtirish talab kilinadi: yacheykalarning ichki qarshiligi, yoshi va salohiyati tenglashtirilgan bo‘lishi kerak. Qisman almashtirish ko‘plab ishlab chiqaruvchilarning tavsiyalarga zid. Shuning uchun qayta yig‘ishda to‘liq diagnostika va BMC (batareyani boshqarish tizimi) kalibrovka amalga oshmagan bo‘lishi mumkin. Yuqoridagilardan kelib chiqib, yong‘in litiy-ion batareyani qisman almashtirish va disbalansni to‘liq bartaraf qilmaslik natijasida kelib chiqqan”, deyiladi ekspertiza xulosasida.

Ayni paytda Hotambek Mirzayev sudga da’vo arizasi kiritgan. U “EGO-Motors”dan yetkazilgan zarar uchun 659 mln 376 ming so‘m, mustaqil baholovchi xizmatlari uchun 2 mln so‘m, yuridik xizmatlar uchun 36 mln so‘m, ma’naviy zarar uchun 60 mln so‘m, shuningdek, sud uchun davlat boji va pochta xarajatlarini undirishni talab qilyapti.

Doston Ahrorov, Kun.uz



Source link

Leave a Reply

Your email address will not be published. Required fields are marked *

Trending

Exit mobile version