Iqtisodiyot
Toshkentda yuzdan ortiq quvvat-stansiya tarmoqdan uzildi. Muammo nimada?
Poytaxtda elektromobillarni tezkor quvvatlash stansiyalari faoliyati bo‘yicha keng ko‘lamli taftish boshlandi. Taftishning dastlabki ikki kunida 100 dan ortiq stansiyalar hujjatlardagi kamchilik sabab elektr tarmog‘idan uzib qo‘yilgan. Kun.uz muammo yuzasidan sharh tayyorladi.
Toshkent shahrida boshlangan taftish doirasida hozirgacha yuzdan ortiq elektromobillarni quvvatlash stansiyalari elektr tarmog‘idan uzib qo‘yildi.
Kun.uz bu masala yuzasidan tadbirkorlar va hukumat vakillarining izohlarini taqdim etadi.
Umuman olganda, vaziyatni quyidagicha ta’riflash mumkin:
Elektromobil quvvatlash stansiyalarini o‘rnatgan aksar tadbirkorlar hududiy elektr tarmoqlari bilan bevosita shartnomaga ega emas, ular HETK bilan shartnomaga ega birlamchi iste’molchilar (yuridik shaxslar)ning transformatoriga ulangan va shu sabab subiste’molchi hisoblanadi.
Tadbirkorlar o‘rtasidagi bunday shartnomaviy munosabatlar noqonuniy emas (har holda, hozirgacha hech qaysi idora buni noqonuniy demadi). Shunday bo‘lsa-da, rasmiylar bunday ulanishni “noto‘g‘ri” demoqda: hisobga olinmagan yuklama tarmoqda muammolarni keltirib chiqarishi mumkin. Bunga javoban stansiyalar egalari birlamchi iste’molchiga berilgan texnik shartda ko‘rsatilgan quvvatdan chetga chiqmayotganini aytmoqda.
Shunisi e’tiborliki, quvvatlash stansiyalarini o‘rnatish, elektr tarmog‘iga ulash va shu kabi boshqa masalalarning qonuniy tartibini belgilash topshirig‘i 2022 yilgi prezident farmonida ko‘rsatilganiga qaramay, bu topshiriq haligacha bajarilmagan.
Hokimlik: Texnik shartlarsiz ulangan stansiyalar – tarmoqqa ortiqcha yuk
Toshkent shahar hokimligining 5 mart kungi bayonotiga ko‘ra, shaharda 20 kWdan yuqori quvvatli 1300 ga yaqin tezkor quvvatlantirish qurilmasi o‘rnatilgan bo‘lib, o‘tkazilayotgan xatlovdan maqsad – “ulanishlarni tartibga solish va aholi uchun xavf-xatarlarni kamaytirish”dan iborat.
“Shahar hokimligi tashabbusi bilan 3 mart kuni 12 ta ishchi guruh tuzilib, ular xatlov ishlarini boshladi. Bugungi kunga qadar 300 dan ortiq shoxobcha xatlovdan o‘tkazildi, bu esa ulanishlar holatini va tarmoqqa tushayotgan amaldagi yuklamani baholash imkonini bermoqda.
Xatlov davomida ayrim qoidabuzarliklar aniqlandi: 101 ta shoxobcha zarur hujjatlari yo‘qligi sababli vaqtincha tarmoqdan uzildi, shuningdek, 62 ta shoxobchaning elektr ta’minoti korxonalari bilan shartnomasi mavjud emasligi ma’lum bo‘ldi”, – deyiladi rasmiy xabarda.
Izohlanishicha, quvvati 20 kWdan yuqori tezkor quvvatlantirish – bu elektr tarmoqlari uchun jiddiy yuklamadir: bitta avtomobil qisqa vaqt ichida o‘nlab kW energiya iste’mol qilishi mumkin.
“Agar ulanish hisob-kitoblarsiz va texnik shartlarsiz amalga oshirilsa, turar joy binolarining elektr ta’minotida haddan tashqari yuklama va uzilishlar xavfi ortadi”, – deyiladi hokimlik bayonotida.
Biznes-ombudsman: Qonunda belgilangan tartibga rioya etilishi kerak
Holatga 6 mart kuni Biznes-ombudsman munosabat bildirdi. Ma’lum qilinishicha, tadbirkorlardan kelib tushayotgan murojaatlar asosida o‘rganish ishlari olib borilmoqda. Vakolatli organlarning asossiz xatti-harakatlari aniqlangan taqdirda, Biznes-ombudsman aybdor mansabdor shaxslarga nisbatan chora ko‘rishga va’da berdi.
“Amaldagi qonunchilikka ko‘ra, tadbirkorlik sub’yektlarining faoliyatini to‘xtatib qo‘yish yoki ularga tegishli bo‘lgan mulkdan foydalanishni cheklash faqat qonunda belgilangan asoslar va tartibda, zarur hollarda esa faqat sud qarori bilan amalga oshirilishi lozim.
Har qanday inventarizatsiya yoki tartibga solish choralari tadbirkorlarning huquqlarini kamsitmasligi, ularga zarar yetkazmasligi hamda oldindan xabardor qilingan holda, muvofiqlashtirish uchun yetarli vaqt berilgan tartibda o‘tkazilishi zarur. Tadbirkorning mulkini asossiz tarzda tarmoqdan uzish yoki buzish holatlari biznes yuritish kafolatlarining buzilishi deb baholanadi”, – deyiladi Biznes-ombudsman axborotida.
Qayd etilishicha, tadbirkorlar bunday holatlarda Biznes-ombudsmanning 1100 qisqa telefon raqami yoki @biznesombudsman_bot Telegram-boti orqali murojaat qilishi mumkin.
3 yil oldingi topshiriq bajarilmagan
Kun.uz’ning e’tibor qaratishicha, 2022 yil 19 dekabr kuni imzolangan “Elektromobillardan foydalanish infratuzilmasini kengaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi prezident farmoniga asosan, elektromobillarni quvvatlantirish stansiyalarini elektr quvvatiga ulash hamda ular tomonidan ko‘rsatiladigan xizmatlar bo‘yicha umumiy talablar va yagona standartlarni belgilash topshirig‘i berilgan.
Shuningdek, elektromobillarni quvvatlantirish stansiyalarini o‘rnatish, ekspluatatsiya qilish va davriy texnik ko‘rikdan o‘tkazish tartibini nazarda tutuvchi qaror loyihasi 2 oy muddatda ishlab chiqilishi belgilangan.
Kun.uz ochiq manbalardan bunday qaror qabul qilingani haqida ma’lumot topa olmadi.
Tadbirkor: Tartib-qoida ishlab chiqilmay turib, yoppasiga o‘chirib ketishi noto‘g‘ri
Tokbor kompaniyasi vakili / Savdo-sanoat palatasi YouTube-sahifasidagi translatsiyadan kadr
Savdo-sanoat palatasining ma’lum qilishicha, 28 fevral kuni bosh vazir o‘rinbosari Jamshid Xo‘jayev tadbirkorlar bilan o‘tkazgan navbatdagi ochiq muloqotida Tokbor kompaniyasi vakili ayni shu muammoni ko‘targan (2:09:38).
“Biz O‘zbekiston bo‘ylab mingtaga yaqin quvvatlash stansiyalarini o‘rnatganmiz. Shundan 600 dan ortig‘i Toshkent shahrida joylashgan. Toshkentdagi stansiyalarimizning 90 foizini o‘sha joyning egalari bilan tuzilgan ijara shartnomasi asosida, joy egalarining transformatoriga ulanish orqali o‘rnatganmiz.
Biz tushunamiz, hozircha tartib-qoidalar o‘rnatilmagan, lekin tartib-qoida ishlab chiqilgunga qadar ogohlantirishsiz, shunchaki kelib stansiyalarimizni yoppasiga o‘chirib ketilishi noto‘g‘ri deb o‘ylaymiz”, – degan Tokbor vakili.
Bosh vazir o‘rinbosari Jamshid Xo‘jayev masala energetika tizimiga yuklama bilan bog‘liqligini aytgan.
“Gap shundaki, Energetika vazirligi sizlar [quvvatlash stansiyalarini] ishlatayotgan joylarda elektr energiyaga bunchalik ko‘p talab bo‘lishini o‘zining transformatorida, liniyalarida nazarda tutmagan. Shundan qo‘rqadi bular. Ertaga transformator kuyadi, qanaqadir liniyalar o‘chadi, tekshirsa, o‘sha yerda juda katta hajmda elektr energiya ishlatilayotgan bo‘lishi mumkin.
Sizlar shunchaki yuridik shaxsning parkovkasini, lokatsiyasini ko‘rgansizlar, yuridik shaxs ham shu joydan pul qilaman deb sizlarga ijaraga bergan. Lekin energetika nuqtayi nazaridan u yuklama hisobga olinmagan-ku?” – degan Xo‘jayev.
Bosh vazir o‘rinbosari Jamshid Xo‘jayev / Foto: Hukumat komissiyasi
Ochiq-muloqotda qatnashayotgan rasmiylardan biri bu masala qonunchilik bilan tartibga solinmaganini qayd etgan.
Shundan keyin “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ raisining birinchi o‘rinbosari Bobur Islomov izoh bergan.
“Bular bilan yig‘ilishdan oldin ham anchagina gaplashib oldik. Iste’molchining tarmog‘iga ulangan: iste’molchi biz bilan shartnoma tuzib, elektr energiya uchun to‘lov qilyapti, bular esa subiste’molchi sifatida quvvatlash uskunasini yo uning hududiga, yo uning hududidan tashqari kadastri yo‘q obektga joylashtirib olyapti.
Birinchidan, aytilganidek, bizning tarmog‘imizga yuklama oshib ketyapti. Ular aytishyaptiki: “Biz iste’molchiga texnik shart asosida berilgan quvvatdan chiqmayapmiz, shuning doirasida ishlatyapmiz”, deyishyapti. Lekin bizga ariza bergan vaqti qanaqadir makaron sexi deb, yoki nima ishlab chiqarsa, shuni ko‘rsatadi, lekin keyin faoliyat turini o‘zgartirib, zaryadlash stansiyasini o‘rnatyapti. Bu noto‘g‘ri”, – degan HETK rasmiysi.
Jamshid Xo‘jayev barcha mas’ul idoralardan vakillar jalb qilgan holda ishchi guruh tuzib, masalani ham texnik, ham qonuniy tomondan hal etish bo‘yicha 2 hafta muddatda taklif kiritish topshirig‘ini bergan.
Metan yo‘q paytda…
Iqtisodchi Otabek Bakirov quvvatlash stansiyalarini taftish qilish uchun rasmiylar nojoiz paytni tanlaganini ta’kidladi.
“Zaryadlash stansiyalariga qarshi yangi kampaniya yana svet o‘chishlar ko‘paygan va metan gaz ta’minotidagi uzilishlar avjiga chiqqan kunlarga to‘g‘ri kelayotganiga e’tibor qaratmaslik mumkin emas.
[…] Kadastr kelib bir gapni, energetiklar kelib ikkinchi gapni, hokimiyat kelib uchinchi gapni aytmasligi kerak. Avval o‘sha tartib-qoidalarni ishlab chiqinglar, e’lon qilinglar, muvofiqlik uchun vaqt beringlar, keyin jazolanglar ana”, – deya yozdi Bakirov.
Birinchi marta emas
O‘zbekistonda elektromobil stansiyalarini keng ko‘lamda tarmoqdan uzib qo‘yish 2024 yil dekabr oyida ham kuzatilgan, natijada ayrim stansiyalarda uzun navbatlar paydo bo‘lgandi. Stansiyalar hech qanday huquqiy asos ko‘rsatmagan holda o‘chirib qo‘yilgan, quyi bo‘g‘indagi mas’ullar holatni “tepadan shunday buyruq bo‘ldi” deya izohlagan edi.
Energetika vazirligi o‘sha vaqtda quvvatlash stansiyalarini tarmoqdan uzish bo‘yicha topshiriq bermaganini ma’lum qilgan. Ammo tarmoqdan uzish aynan shu vazirlik tizimiga kiruvchi HETKlar tomonidan amalga oshirilgandi.
Ko‘p o‘tmay, Kadastr agentligi to‘satdan tadbirkorlarga quvvatlash stansiyalarini demontaj qilishni talab qilib xatlar yubora boshlagan edi. Xususiy sektor barcha stansiyalarni amaldagi qonunchilikka muvofiqlashtirishga tayyorligini bildirgan bo‘lsa ham, agentlik ularga hech qanday yechim taklif qilmagandi.
2025 yil yanvar oyiga kelib, energetika vaziri o‘rinbosari Umid Mamadaminov faoliyatida kamchilikka yo‘l qo‘ymagan stansiyalar tarmoqqa qayta ulanganini ma’lum qilgandi (kamchilikka yo‘l qo‘ymagan bo‘lsa, nega uzilgan?). Ko‘p o‘tmay vazirlikda quvvatlash stansiyalari rahbarlari bilan uchrashuv o‘tkazilgan.