Jamiyat
Toshkentda yong‘in va zilzila bo‘yicha amaliy-taktik mashqlar o‘tkaziladi
8 dekabr kuni soat 11:30 dan 18:00 gacha poytaxtning Bektemir va Uchtepa tumanlarida joylashgan ko‘p qavatli uylar hududida favqulodda vaziyatlar – yong‘in va zilzila paytidagi to‘g‘ri harakatlarni o‘rganishga qaratilgan amaliy-taktik mashqlar o‘tkaziladi.
Toshkent shahar Favqulodda vaziyatlar bosh boshqarmasi ma’lumotiga ko‘ra, joriy yil 8 dekabr kuni Bektemir tumani Iyk-Ota mahallasi hamda Uchtepa tumani 31-mavzesida amaliy-taktik mashg‘ulotlar tashkil etilmoqda. Mashqlar soat 11:30 dan 18:00 gacha davom etadi.
O‘quv-mashg‘ulotlar doirasida yong‘inlarni barvaqt oldini olish, yong‘in va zilzila vaqtida aholining to‘g‘ri harakat qilishi, shuningdek, o‘t o‘chirish vositalaridan foydalanish bo‘yicha amaliy ko‘nikmalar sinab ko‘riladi.
Mazkur hududlarda harakatlanadigan yoki ijtimoiy tarmoqlar orqali amaliy jarayonlarga guvoh bo‘ladigan fuqarolardan vaziyat yuzasidan xavotirga tushmaslik so‘ralmoqda. Bosh boshqarma ma’lumotiga ko‘ra, o‘quv mashg‘uloti vaqtida barcha xavfsizlik choralari to‘liq ta’minlanadi.