Jamiyat
Toshkentda yirik kiberjinoyatchilar guruhi qo‘lga olindi
Ikkita Call-markaz’da chet tillarini yaxshi biladigan 140 nafarga yaqin yigit-qizlar faoliyat yuritgan. Ular orasida talabalar ham bor. Call-markaz xodimlari chet davlatlar fuqarolariga soxta raqamlar orqali qo‘ng‘iroq qilib, treyderlik niqobida investitsiya tariqasida kriptoaktivlarni o‘tkazma qilishga erishgan. Ularning har biri kuniga yuzlab qo‘ng‘iroqni amalga oshirgan.
IIV Kiberjinoyatlarga qarshi kurashish departamenti hamda Davlat xavfsizlik xizmati tomonidan yirik jinoiy tarmoq faoliyatiga chek qo‘yildi. Bu haqda IIV matbuot xizmati xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, tezkor tadbirlar davomida Toshkent shahrida ikkita yirik Call-markaz fosh etilgan.
Jumladan, Yashnobod tumanida joylashgan biznes markazlardan birining 6-qavatida o‘tkazilgan tintuv-tergov tadbirlari davomida binoga joylashib olgan Call-markaz’da jami 97 nafar shaxs aniqlangan. Ularning 5 nafari chet el fuqarolari.
Tezkor tadbirlar Yakkasaroy tumanida ham davom ettirilgan. Biznes markaz binosining 11-qavatidagi Call-markaz’da 34 nafar shaxs faoliyat olib borayotgani, ularning 3 nafari esa chet el fuqarolari ekani aniqlandi.
Call-markaz’larda boshqaruvchi, tashkilotchi, yordamchi, jamoa sardorlari va operatorlar bo‘lgan. Ular oyiga 70 foizgacha daromad orttirishga qiziqtiruvchi kontentlar aks etgan fishing havolalar tayyorlab, Kanada, Buyuk Britaniya, Germaniya, Norvegiya, Gollandiya, Daniya va boshqa xorijiy davlatlar fuqarolariga soxta raqamlar orqali qo‘ng‘iroq qilishgan hamda treyderlik niqobi ostida investitsiya tariqasida kriptoaktivlarni o‘tkazma qilishga erishgan.
Markazlardagi xodimlar orasida chet tillarni mukammal biladigan yoshlar, nufuzli universitet talabalari ham bo‘lgan. Ularning har biri kuniga yuzlab qo‘ng‘iroqlarni amalga oshirgan. Xodimlar chet el fuqarolari bilan taxalluslar orqali suhbatlashgan. Binoga kirish qat’iy nazorat ostida amalga oshirilib, maxsus qo‘riqchilar eshik oldida doimiy faoliyat olib borgan.
O‘tkazilgan tezkor tadbir davomida ikki manzildan uyushgan guruh jinoiy harakatlarni amalga oshirishda foydalangan 136 ta kompyuter, 90 ta monitor, 73 ta protsessor, 53 ta monoblok, 320 ta telefon, 128 ta qattiq disk, 175 ta xotira qurilmasi, ikkita seyf va boshqa turdagi vositalar hujjatlashtirib olingan.
Ushbu sxemani chet el fuqarosi tashkil etgan. U mamlakatdagi noqonuniy faoliyatini 48 yoshli O‘zbekiston fuqarosi bilan hamkorlikda amalga oshirgan.
Hozirda holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Jinoiy uyushmaning ikki rahbari va yana 18 kishi qamoqqa olingan. Qolgan 111 nafar shaxs bilan tezkor surishtiruv va tergov ishlari olib borilmoqda.
Qayd etilishicha, tezkor surishtiruv jarayonida ushbu jinoiy guruhning Rossiya, Gruziya, Ukraina va Ozarbayjonda ham Call-markaz’lari faoliyat olib borayotgani aniqlangan. Kelgusida mazkur davlatlar bilan hamkorlikda global miqyosdagi jinoyat zanjiriga barham berish rejalashtirilgan.