Jamiyat

Toshkentda yirik jinoyatlarda ayblanayotgan Bosh prokuratura soxta xodimi ushlandi

Published

on


Toshkentda odamlarning milliardlab so‘m pulini qo‘lga kiritgan soxta prokuratura xodimi ushlandi. 

Bosh prokuratura Shaxsiy xavfsizlik boshqarmasi tomonidan olib borilgan tezkor tadbirlar natijasida fuqaro A.A. o‘zini Bosh prokuratura xodimi sifatida tanishtirib, bir nechta fuqarolarning mol-mulkini firibgarlik yo‘li bilan qo‘lga kiritganligi aniqlangan.

Jumladan, tergov ma’lumotlariga ko‘ra, A.A. jabrlanuvchilar B.M. va S.Sh.ga arzon narxda bug‘doy mahsulotini sotib olib, uni qayta ishlash orqali katta miqdorda daromad olish mumkinligini aytib, ularning ishonchiga kirgan hamda 1,7 mlrd so‘m pul mablag‘ini firibgarlik yo‘li bilan qo‘lga kiritgan.

Bundan tashqari, A.A. jabrlanuvchi M.T.ga tegishli MChJga Yakkasaroy tumani, Yunus Rajabiy mahallasi hududida joylashgan 50 sotix yer maydoni ajratish to‘g‘risidagi Toshkent shahar hokimining qarori Oliy sudning hal qiluv qarori bilan bekor qilinganidan xabar topib, mazkur qarorni qayta tiklab berish evaziga M.T.dan 95 ming AQSh dollarini firibgarlik yo‘li bilan qo‘lga kiritgan.

Shuningdek, A.A. fuqaro I.N. bilan «Facebook» ijtimoiy tarmog‘i orqali tanishib, unga Bosh prokuraturada ishlashini ma’lum qilgan holda uning ishonchiga kirgan. Keyinchalik u I.N.ga bahosi 8 500 AQSh dollari bo‘lgan, 2014 yilda ishlab chiqarilgan «Cobalt» rusumli avtomashinasini yangi «Gentra» rusumli avtomashinasiga almashtirib berishini va’da qilib, avtomashinani firibgarlik yo‘li bilan qo‘lga kiritgan hamda uni boshqa shaxsga sotib yuborib, bergan va’dasini bajarmasdan, tushgan mablag‘ni shaxsiy ehtiyojlari uchun sarflab yuborgan.

Xuddi shunday, A.A. fuqaro A.K. bilan tanishib, unga Bosh prokuraturada ishlashini ma’lum qilgan holda uning ishonchiga kirgan. Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, ma’lum vaqt davomida yaqin munosabatda bo‘lgan mazkur shaxs A.K.ga tegishli Yunusobod tumani 9-mavze, 2-uy, 23-xonadon kalitining nusxasini qo‘lga kiritib, uning sayohatga ketganligidan foydalangan. Shundan so‘ng xonadonga noqonuniy ravishda kirib, A.K.ga tegishli juda ko‘p miqdordagi tilla taqinchoqlarni yashirin ravishda o‘g‘irlab, voqea joyidan yashiringan.

2026 yil 18 iyun kuni A.A.ga nisbatan Jinoyat kodeksining 168-moddasi 4-qismi «a» bandi, 169-moddasi 4-qismi «a» bandi hamda boshqa moddalari bilan ayblov e’lon qilinib, unga nisbatan qamoq ehtiyot chorasi qo‘llanildi, deyiladi mahkama xabarida.

«Agarda shunga o‘xshash holatlar yuzasidan, ya’ni A.A. o‘zini prokuratura xodimi sifatida tanishtirib, pul mablag‘larini o‘zlashtirganligi haqida ma’lumotga ega bo‘lsangiz yoki ushbu shaxsning xatti-harakatlaridan jabr ko‘rgan bo‘lsangiz, zudlik bilan Bosh prokuraturaning «1161» raqamli Ishonch telefoniga qo‘ng‘iroq qilib, xabar berishingizni so‘raymiz», deyiladi Bosh prokuratura xabarida.

Murojaat qiluvchilarning shaxsi sir saqlanishi kafolatlanadi.

 



Source link

Leave a Reply

Your email address will not be published. Required fields are marked *

Trending

Exit mobile version